Breaking News
Din

Qirg’iziston maktablarida diniy darslar o'rgatiladi


Bishkek shahridagi masjidlardan birida juma namozi, 25-iyun, 2010-yil.
Bishkek shahridagi masjidlardan birida juma namozi, 25-iyun, 2010-yil.

Qirg’iziston Fan va ta’lim vazirligi umumta’lim maktablarining 9-sinflari uchun “Diniy madaniyat tarixi” darsini kiritishni rejalashtirmoqda. Bu haqda tegishli o'quv dasturi ishlab chiqilgan.

Mutaxassislarga ko’ra, ruhiy madaniyat borasida tushunchaga ega bo’lgan o’smir ongida turli dinlar va madaniyatlarga nisbatan hurmat, bag’rikenglik hissi shakllanadi.

“Amerika Ovozi” mahalliy maorif xodimlari hamda dinshunoslarning fikr-mulohazalarini o’rgandi.

O’sh viloyati gubernatorining din ishlari bo’yicha maslahatchisi To’xtasin Japarov va uning maslakdoshlari maktablarda diniy madaniyat tarixini o’rganish g’oyasini ko’pdan beri olg’a surib keladi.

“Aynan 8-9-sinflarda bolalarga din tarixi borasida tushuncha berish zarur. Chunki ko’pchilik yuqori sinflarda o’qishni davom ettirmaydi. Barcha dinlar tarixi bilan tanishtirish, har-xil madaniyatlarga nisbatan qiziqish va hurmat shakllantirishni maqsad qilganmiz”, - deydi mulozim.

Yozuvchi Matluba Musaboyeva O’sh viloyati O’zgan shahar maktablaridan birida direktor lavozimida faoliyat yuritgan. Ayni paytda shahar xotin-qizlar kengashining raisasi.

“Yaqinda mahaliy faollar bilan kengash o’tkazganimizda, odamlar aynan shunday darslar lozimligini aytishgan edi. Darhaqiqat, din borasida savodxonlik yetishmasligi bois, yoshlarimizning ma’lum qismi har-xil oqimlarga kirib ketayapti”, - deydi suhbatdosh.

Unga ko'ra, zikr qilingan saboqlarni maktablarda yetuk mutaxassislar olib borishlari darkor.

“Hozirda mamlakatimizda din bo’yicha mutaxassislarni tayyorlovchi qator oliygohlar mavjud. Demoqchimanki, diniy madaniyat borasida darslarni olib borish uchun malakali kadrlar yetarli. Ta’lim vazirligi aytilgan fan bo’yicha tegishli dasturni ishlab chiqdi. Kerakli mablag’ ajratilayotgani haqida xabarlar bor. Bilishimcha, diniy madaniyat darsini kiritish va olib borish uchun yiliga 17 million so’m darkor ekan. Gap darsliklarni chop etish, muallimlar maoshi va hokazo sarflar haqida ketayapti”, - deydi viloyat rahbarining din ishlari bo’yicha maslahatchisi To’xtasin Japarov.

Aytish joizki, Qirg’izistonda diniy ta’limni isloh etish, shuningdek, dunyoviy maktablarga din tarixi darslarini kiritish borasida gap-so’zlar ko’pdan beri yangrab keladi. Mutaxassislarga ko’ra, amaliy tadbirlar endi ko’rila boshlandi.

XS
SM
MD
LG