Qirg’iziston Ta’lim vaziri Qanat Sadiqov janubiy viloyatlarda o’qituvchilar yetmayapti deya xavotirda.
Maktablar 1700 mutaxassisga muhtoj, deydi. Vaziyat, ayniqsa, iyun voqealaridan so’ng taranglashgan. Xavfdan qochib, mamlakatni tark etgan fuqarolar orasida maktab xodimlari oz emas.
“O’rta maktablarda o’qituvchilar ba'zor ishlamoqda. Maosh ozligi hammaga ayon. O’rtacha oylik 2 ming so’m (45 AQSh dollari). Bu maoshga fidoiy, o’zining fanini sevgan o’qituvchilargina ishlaydi. Yoz oyidagi qirg’indan keyin ketayotganlar orasida muallimlar ham ko’p", - deydi O’sh Davlat universiteti xodimasi Muyassar Holmatova.
"Ayrim maktablarda hatto nafaqaga chiqqan muallimlar ham ishlamoqda. Ayniqsa, matematika, fizika kabi fanlardan o’qituvchilar yetishmaydi. Shuning uchun ham, masalan, o’zbek o’qituvchilar rus sinflarida ham dars o’tayotir, rus tilini yaxshi bilishadi ular”, - deydi u.
O’sh shahar ta’lim boshqarmasi boshlig’i muovini Asan Artiqboyev fikricha ham, maosh yetarli va vaqtida to’lanmasligi muammo. “Tumanlarda, qishloqlarda ham ko’p fanlar bo’yicha o’qituvchilar yetishmaydi”, - deydi u.
O’rta ta’lim muassasalarida, ayniqsa, erkak mutaxassislar juda oz. Har bir o’quv yurtida erkak murabbiylar barmoq bilan sanarli, deydi mahalliy mulozimlar. Davlat idoralari vaziyatdan chiqish choralarini izlayotganini aytadi.
“Universitetlarning oxirgi bosqich talabalari o’rta maktablarda turli fanlardan dars berayapti. O’qituvchilar yetmayotgan maktablarga amaliyot o’tash uchunstudentlar yuborilmoqda. Ularning malakasi yetarli. Yuzaga kelgan vaziyat vaqtinchalik, deb o’ylayman. Universitet bitiruvchilari maktablarga borsa, oz bo’lsada, muammo yechiladi. Va, albatta, o’qituvchilar maoshlari ko’tarilsa, ularning maktabda qolishiga sabab bo’ladi”, - deydi O’sh Davlat universiteti xodimasi Muyassar Holmatova.
Rasmiylar yoshlar orasida o’qituvchi kasbiga qiziqish susaygani, pedagogik oliy o’quv yurtlariga kiruvchilar soni kamayganini ham tilga oladi.
“Muallimlarning oyligi oz bo’lganidan yoshlar boshqa, prestijli fakultetlarni tanlamoqda”, - deydi O’sh shahar ta’lim boshqarmasi boshlig’i o’rinbosari Asan Artiqboyev.
Mutaxassislarning aytishicha, kadrlar taqchilligi dastavval maktablarda ta’lim-tarbiya saviyasiga salbiy ta’sir ko’rsatmoqda.
Suhbatdoshlar muallimni bilim dargohiga qaytarish uchun o’qituvchi kasbining obro’sini ko’tarish darkor deydi. Bu borada maktabga davlat va jamiyatning alohida e’tibori kerak, deydi ular.