Qirg’iziston Ijtimoiy rivojlanish vazirligi axboroticha, joriy yozda o'lkada Munosib keksalikni ta'minlash bo’yicha milliy dastur ustida ish boshlanadi. Dastur qariyalarga ko'rsatilishi zarur xizmatlarni o'z ichiga olishi aytilmoqda.
Aslida keksalarning hayoti qanday kechmoqda? Qanday muammolar ularni tinchsizlantiradi? Qariyalar borasida davlat va jamiyat g’amxo’rligi qay darajada? Katta avlod intilishlari, imkoniyatlariga talab bormi? Keksalar bilan ishlovchi idoralar salohiyati zamon bilan hamnafasmi?
Odiljon bobo 75 yoshini tanholikda qarshi oldi. O’zi damlagan bir chimdim osh tomog’idan o’tmadi. Kampirini eslab, ko’zi namlandi.
“Yolg’izlik Ollohga mos, bandasiga to’g’ri kelmas ekan. Hamrohsiz hayot og’ir. Besh qizim bor, hammasi o’z oilasi bilan. Osmon uzoq, yer qattiq, ammo yashash kerak”, - deydi bobo.
Kamtarona kun kechirishga odatlangan qariyalar qiyinchiliklardan nolimaydi, ko’p narsadan umidvor ham bo’lishmaydi. Ularga tevarak-atrofdagi odamlarning hurmat-iltifoti kifoya.
“Qarilikda salomatlik ko’p pand beradi. Shukr - izzat-hurmatni bajo keltiradilar. Qayga borsang, to’ridan joy ko’rsatishadi, farzandlar, nevara-chevaralar e’zozidasan”, - deydi 87-yoshli Abduvoit Otto’qurov.
Mahalliy tahlilchilar fikricha, mustaqillik yillari Qirg’izistonda qariyalarning turmush darajasi, hayot sifati pasaygan. Bunga nafaqat ijtimoiy muhofaza tizimining inqirozi va ijtimoiy tabaqalanishning kuchayishi, balki ma’naviy qadriyatlar darz ketgani sabab bo’ldi, deyishadi.
Nima eksang - shuni o’rasan. Bu kattayu-kichikka oid haqiqat.
O’sh viloyat Aravon tumanilik keksa suratkash Salimhoji Sharipov deydiki, inson qarilik poydevorini avvaldan qurib borishi lozim. Oqil farzandlar, foydali mashg’ulot keksalikda madad bo’ladi.
Katta avlod kimga kerak? Eng avvalo biz yashayotgan davlatga kerak. Keksa avlod ortiqcha bo’lib qoladimi yoki davlatning bir koriga yaraydimi, yaray oladimi - bu davlat, jamiyat munosabatiga, davlat siyosatiga bog’liq, deydi suhbatdoshlar.
Qaddi bukilgan mo’ysafid har kun ertalab aravachasini sudrab mahalliy guzarga tushadi. Kechga yaqin ortga qaytadi. Charchagani sezilib tursa-da, yuzida mayin tabassum bolqiydi.
Kuzatuvlarga ko’ra, 60-70 yoshli insonlarning ko’pchiligi biron ish bilan mashg’ul bo’lishni va bu yo’l bilan ham oilaga naf keltirish, ham bardamlikni saqlashni istaydi. Ammo amalda nafaqa yoshidagilarning bosimli qismiga biron yumush nasib etmaydi.
Dilfuza aya aholini ish bilan ta’minlash idorasida faoliyat ko’rsatgan. Hozirda nabiralar parvarishi bilan mashg’ul.
“Keksalar tugul yoshlarga ish topilmayapti hozir. 50 hatto 40 yoshli odamlarni ish beruvchilar hisobdan chiqarib qo’yayapti. Ikkinchi tarafdan, yoshi o’tib qolganlarning ko’pi zamon talablaridan, texnika taraqqiyotidan ortda qolayapti, yangi uskunalarni tushunmayapti", - deydi mutahassis.
Suhbatdosh deydiki, ayni paytda keksalar orasida tajribali, malakali mutaxassislar oz emas. Ularga ishlash imkonini berish uchun davlat idora, korxonalarda alohida kvota (ish joylari) nazarda tutsa, maqsadga muvofiq bo’lar edi.
Qirg’izistonda keksalar hayoti va ta’minoti uchun asosan ijtimoiy himoya idoralari mas’ul. Odatda bu tashkilotlarda mablag’ ytishmaydi, xdimlar baholi qudrat qariyalarga xzmat ko’rsatadi.
O’sh shahar ijtimoiy rivojlanish boshqarmasi boshlig’ining muovini Bozorboy Isayev:
“Qariyalar ishdan qolishmasa, deyman. Ularning ish tajribasi, turmush tajribasidan, insoniy fazilatlaridan foydalanishimiz kerak. Otaxonlar, onaxonlarga biron narsa bilan mashg’ul bo’lish, faol hayot kechirish imkonini beraylik. Bu ularga umr bag’ishlaydi”.
Davlat va jamiyat uchun esa keksa avlodga bunday e’tibor ham iqtisodiy, ham ma’naviy ahamiyat kasb etishi sir emas.
Bozorboy Isayevning aytishicha, davlat keksa avlod uchun ayrim imtiyozlarni saqlab qolgan. Nogiron fuqarolar besh yilda bir marotaba, shifokor tavsiyasi bilan, sanatoriy-kurortlarga dam olishi mumkin. Shuningdek, keksalar ma’lum muddatda bir marotaba tishlarini bepul davolata oladilar. Dorixonalarda ham nafaqaxo’rlardaimtiyoz bor.
Mayramxon Qosimova tumanlardan birida nogironlar hamda qariyalar bilan ishlash bo’limini boshqaradi. Uningcha, munosib keksalikni ta’minlash uchun birinchi navbatda ijtimoiy himoya tizimining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash joiz.
“Qariyalarga sifatli xizmat ko’rsatish uchun xodimlarimiz tegishli texnik vositalar - avtoulovlar, kompyuterlar, qolaversa, tibbiy uskunalar, dori-darmonga ega bo’lishi lozim”, - deydi Qosimova.
Qirg’izistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat arbobi, alohida xizmatlari uchun nafaqa sohibi Odiljon Obidovning aytishicha, Sovet Ittifoqi davrida keksalar uchun ko’zda tutilgan imtiyozlar doirasi hozirda keskin toraygan.
“Vaqt, tuzum o’zgarishi bilan qariyalarga munosabat ham o’zgardi. Ayni paytda qariyalarimizning o’zlari ham faolroq bo’lishi kerak. “Qaridim”, degan so’z jamiyat hayotidan chetga chiqib olib, tomoshabin bo’lib qolishni anglatmaydi”, - deydi suhbatdosh.
U fuqarolarda, ayniqsa keksa avlodga munosib e’tibor ko’rsatishni asl qadriyat hisoblaydi. “Birinchi galda tibbiy xizmat ko’rsatishni yo’lda qo’ymoq, bu sohada keng tarqalgan poraxo’rlik, sansalorlikni cheklamoq zarur”, - deydi Obidov.
Faxriy Busora Tashtanova ko’p yillar qariyalar uyida rahbarlik qilgan. U nuroniylar o’z haq-huquqlarini bilishlari lozimlagini uqtiradi.
Suhbatdoshlar deydiki, davlatning keksalarga nisbatan siyosati so’zda emas, amalda o’zgarishi lerak. Munosib keksalik dasturini ishlab chiqish - masalaning bir tomoni xolos.
Gap keng chora-tadbirlarni amalga oshirishda. Buning uchun yirik mablag’ talab qilinadi. Hukumat yil sayin tegishli sarmoyani topa oladimi yoki yana xorij ko’magiga tayanadimi - bu savol hozircha ochiq qolmoqda.