Breaking News

Qirg'izistonda eng keksa teatr 95-mavsumini boshladi


Bobur nomli O'sh o'zbek akademik drama teatri o'zining 95- mavsumini Chingiz Aytmatov asari asosida sahnada qo'yilgan "Qiyomat" spektakli bilan boshladi.

Tejamkorlik maqsadida bu gal afishalar kamtarona sahifalarda chiqarilgan bo'lsada, teatr maydoni gavjum, zal yana tomoshabinlarga to'la.

"Qirg'izistonda xizmat ko'rsatgan artist Baxromjon To'xtamatov, artist Usmonjon Mamirovlar bilan bir qatorda bu gal Xasanboy Isoqov, Oksana Pelegina kabi yosh avlod vakillarini ko'rdik va bu quvonchli ko'rinish”,- deydi faxriy Odiljon Obidov.

Xasanboy O'sh davlat universitetining musiqa kulliyotini tamomlagan. Uni mashhur rus komik kinoustasi Saveliy Kramarovga qiyoslashadi.

Qirg'izistonda ilk teatr bo'lmish bu jamoa 1919-yilda tashkil topgan. Uning sahnasida dunyo san'ati durdonalari-yu, taniqli qirg'iz va o'zbek dramaturglarining asarlari qo'yilgan. Goldoni, Yashin, Aytmatov, Baydjiev…

Bu dargohda Tojixon Xasanova, Yorqinoy Hatamova, Tolibjon Badinov, Ne'matjon Ne'matov kabi san'at ustalari ijod qilgan. Taniqli mo'yqalam sohibi, hozirda teatr bosh rassomi, Bobur halqaro mukofoti laureati Xasanboy Saidov ularning siymolarini avlodlarga qoldirishni niyat qilgan.

Qirg'iziston xalq artisti Rasuljon Uraimjonov o'sha ustozlardan saboq olgan.

Dramaturg, so'z ustasi Abdug'ani Abdug'afurov, xizmat ko'rsatgan moliya xodimi Madaminjon Fattohovlarni teatrning jonkuyarlari, deyishadi. Abdug'ani akaning asarlari jonajon sahnada ham, Toshkent, Namangan, boshqa shaharlar teatrlarida ham qo'yilib kelinmoqda. Abdug'ani akaning ichakuzdi latifalari alohida kitobdan o'rin olgan.

"O'sh o'zbek akademik drama teatrini do'stlik ko'prigi, madaniyat hamda san'at orqali dillarni, xalqlarni bog'lovchi dargoh, deb atashadi va bu biz uchun ulug' nom", - deydi teatr direktori, Qirg'iziston xalq artisti Baxtiyorjon To'xtamatov.
XS
SM
MD
LG