Breaking News

Qirg’izistonda Ota-Yurt tarafdorlari namoyish qilmoqda, partiya rahbariga hujumdan norozi


Qamchibek Toshiyev
Qamchibek Toshiyev

Qirg’izistonda ikki hafta oldin parlament saylovlarida g’alaba qozongan, millatchi ruhdagi "Ota-Yurt" partiyasi tarafdorlari bosh ko’targan.

Ularning aytishicha, Davlat xavfsizlik qo’mitasi raisi Keneshbek Duyshebayev partiya rahbari Qamchibek Toshiyev hayotiga suiqasd uyushtirgan.

Jarohat olgan Toshiyevning aytishicha, uning Bishkek yaqinidagi uyiga bositirib kirilgan. Xos soqchilar hujumni qaytargan. Buning ortida, deydi Toshiyev, Duyshebayev turibdi.

Shu tariqa saylov natijalarini puchga chiqarishmoqchi, deydi "Ota-Yurt" lideri.

Xavfsizlik xizmati, jumladan Duyshebayev voqeaga aloqam yo'q deya tergov o'tkazishga chaqirgan. Toshiyev shaxsiy soqchilari boshlagan to'polonda lat yegan bo'lishi mumkin degan taxminlar olg'a surilmoqda.

Partiya vakillari qator shaharlarda, xususan O’shda norozilik namoyishlari o’tkazgan. Ular, shuningdek, 10 oktabrda o'tgan saylov natijalari tezlikda e'lon qilinsin deya talab qilgan.

Dastlabki natijalariga ko'ra, aynan Toshiyevning "Ota-Yurt" partiyasi ko'p ovoz olib, peshqadamlik qilmoqda.

Biroq raqib partiyalar nazarida otayurtchilar ovozlarni soxtalashtirgan.

Jalolobodda tavallud topgan, 42 yoshli Qamchibek Toshiyev Rossiyaning Tomsk Politexnika oliygohini bitirgan. Kasbi muhandis va huquqshunos, qaysidir payt tadbirkorlik qilgan. Bishkekda davlat idoralarida faoliyat ko'rsatgan.

2005 yilda Qirg'iziston parlamenti deputati bo'lib tayinlangan, prezident Qurmanbek Bakiyev davrida favqulodda holatlar vaziri bo'lib ham ishlagan. O'sha damlarda Bosh vazir Doniyor Usenov uni ishdagi kamchiliklarda ayblagach, iste'foga chiqqan.

Bu yil qator safdoshlari bilan birga "Ota-Yurt" partiyasini tuzgan. O'zining aytishicha, O'sh va Jalol-Oboddagi qirg'in paytida Suzoqqa bostirib kelayotgan olomonni to'xtatib qolgan. Va o'z ta'biricha, suzoqlik minglab o'zbeklar hayotini saqlab qolgan.

"Ota-Yurt" partiyasi milliy uyg'onish, qirg'iz millatini yuksaltirish g'oyasini olg'a surib keladi. Qirg'iz yoshlari va ziyolilari o'rtasida hurmati baland.

Parlament saylovlarida partiya janubdagi viloyatlarko'p ovoz olgani aytiladi. Kuzatuvchilar ushbu partiyani sobiq rahbariyatga yaqin deb hisoblaydi. Ammo Toshiyev buni rad etib keladi.

"Ota-Yurt" yaqinda kuchga kirgan parlament boshqaruvini tanqid qilib, prezident boshqaruviga qaytishga undaydi. Partiya tarafdorlari nazarida Qirg'iziston Konstitutsiyasi qayta ko'rilishi kerak.

Tashqi siyosatga kelganda, "Ota-Yurt" Rossiya bilan yanada yaqinroq aloqa qilish kerak, deb hisoblaydi. Saylov kampaniyasi davomida partiya faollari "Manas" tranzit bazasini yopish fikrini olg'a surgan.

Bu orada Markaziy Saylov Komissiyasi hanuz parlament saylovlariga doir tugal xulosani e'lon qilmagan. Rasmiylar joylarda ovozlarni aniqlash ustida ishlayotganini aytib keladi.

Kuzatuvchilar fikricha, komissiya faoliyatida qat'iyat, aniq me'yorlar ko'rinmaydi va natijalar hali ma'lum emasligi ham shundan.

Bu esa komissiyaga, rasmiy Bishkekka nisbatan bir qadar ishonchsizlikka sabab bo'lmoqda, deydi ular.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG