Markaziy Osiyo mamlakatlari ichida Qirg’iziston Turkiyaning eng yaqin hamkori, deb kelinadi. Tomonlar ayniqsa savdo-sotiq, ta’lim va tibbiyot sohalarida tig’iz aloqalar o’rnatgan.
Qirg’iz mutaxassislari turk diyoridagi bugungi vaziyatni qanday baholaydi? Ikki mamlakat munosabatlari istiqboli borasidanimalar deyish mumkin?
Ushbu savollarga javob berar ekan, taniqli siyosatshunos, O’sh davlat universitetining professori Arap Anarbayev o’z paytida Anqara birinchilardan bo’lib Qirg’izistonning mustaqilligini tan olgani hamda o’tgan yillar davomida turli sohalarda yordam qo’lini cho’zib kelayotganini eslatadi. Iqtisodiy-siyosiy aloqalar rivojlanmoqda, qon-qarindoshlik rishtalari mustahkamlanayotir - qiz olib, qiz berish ko’paygan.
Suhbatdosh fikricha, Turkiyadagi notinchlikda ko’proq ichki nizolar oqibati emas, balki tashqi kuchlar ta’siri seziladi.
“Turkiya kuchli regional davlat, masalan, Rossiya kabi katta o’lka bilan raqobatlashishga qodir mamlakat bo’lib qoldi. Va tez sur’atlar bilan rivojlanmoqda. Bu esa har qanday tomonga ham yoqavermaydi, ayniqsa, buyuk davlatlarga. Turkiyaning dadil taraqqiy etishi G’arbni xavotirga solayapti. Bir tarafdan Anqarani qo’llab-quvvatlayotganday ko’rinib, ikkinchi tarafdan ichki ishlariga pinhona aralashmoqda, ziddiyatlarni kuchaytirishga harakat qilmoqda”, - deydi professor Anarbayev.
Uning kuzatuvlariga ko’ra, Turkiyada so’nggi oylarda yuz berayotgan voqea-jarayonlar, shuningdek, Moskva-Anqara munosabatlarining sustlashishi Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, Qirg’izistonga ta’sir ko’rsatmay qolmadi. Ikki tomonlama iqtisodiy-siyosiy aloqalar, turk firmalari bilan savdo-sotiq ko’lami, sayohatchilar oqimiga ma’lum putur yetdi.
“Turkiyaning obro’-e’tibori va salohiyatini cheklashga urinishlar”ni Anarbayev turkiy xalqlar birlashishiga, ahilligiga tahdid, deya baholaydi.
Professor qirg’iz-turk aloqalarining istiqboli kengligini ta’kidlaydi. Qirg’izistonda ko’plab qirg’iz-turk o’quv muassasalari, jumladan, ikki universitet faoliyat ko’rsatmoqda. Tibbiyot sohasida tig’iz hamkorlik yo’lga qo’yilgan.
Mutaxassislarning aytishicha, turli tarmoq va sohalarda samarali hamkorlik olib borish uchun barcha sharoit mavjud.
“Ayni paytda iqtisodiy aloqalar ko’p hollarda savdo-sotiq, oldi-berdidan nariga o’tmayotgani taassufli hol. Biz Turkiyadan yangi texnologiyalar, zamonaviy asbob-uskunalar, ilm-fan mahsulotini olib kelishimiz lozim va bu o’rinda o’zimiz tashabbus ko’rsatishimiz kerak”, - deydi Arap Anarbayev.