Sobiq Sovet respublikalari va Markaziy Osiyoda yosh qizlarni majburlab, aniqrog’i o’g’irlab turmushga berish odati hamon bor. Kelin o’g’irlash deya tanilgan bu odat Armaniston va Qozog’iztonda, shuningdek, Efiopiya kabi boshqa mintaqa davlatlarida uchrab turadi. Qirg’iziston rasmiylari bu illat nikoh va oila zo’ravonligi, qolaversa, psixologik travmaga olib borishini tan olib, 2013-yilda uni qonun bilan taqiqlashdi.
Elzat Kazakbayeva o’g’irlab turmushga berish jarayonini boshdan kechirgan minglab qirg’iz qizlaridan biri.
Qirg’izistonning ba’zi hududlarida kelin o’g’irlash qadimgi urf, deya hatto qadrlanadi, deydi Filadelfiya universiteti professori Rassel Kleynbax.
Hozirgi qirg’iz xotin-qizlari bunday zo’ravonlikka ortiq toqat qilmoqchi emas. Ular 2018-yilda bu illatga qarshi bosh ko’tarib chiqdi. Bunga Buruloy Turdali qizining o’limi turtki bo’ldi. 20 yoshli o’g’irlangan qiz o’g’irlikni sodir etgan kimsa bilan politsiyada bir kamerada saqlangan va vahshiylarcha pichoqlab o’ldirilgan.
Qotilga 20 yillik qamoq jazosi berildi, lekin voqea Qirg’iziston bo’ylab shov-shuv bo’lib, ayollarning qo’zg’alishiga sabab bo’ldi. Namoyishga chiqqanlarga ko’ra, odam o’g’risidan ko’ra chorva o’g’risiga og’irroq jazo berilishi chidab bo’lmas holatdir.
Dizayner Zamira Moldosheva kelin o’girlashga qarshi faollardan. Bu yo’lda u ommaviy velosiped haydash, bayroq ko’tarish kabi ko’plab xayriya tadbirlarini tashkil etadi.
Poytaxt Bishkekda Zamira Moldosheva o’g’irlab, xo’rlangan qirg’iz ayollariga atab modalar namoyishi o’tkazdi. Ham milliylikni, ham qizg’iz xotin-qizlari dardini ko’rsatishga urindi.
“Zo’ravonliklarga qarshi biz, ayollar nahot hech narsa qila olmasak?! Kelin o’g’irlash an’anamiz emas, bu aslida majburlab turmushga berish degani. Bu odat to’xtatilishi kerak”, - deydi u.
Elzat Kazakbayeva ham bunday tadbirlarda ilk bor qatnashishi emas. U qirg’iz ayollarini majburiy turmushga ko’nmaslikka, bu odatga qarshi kurashishga undaydi.
Besh yil avval uni kuppa-kunduzi, universitet yotoqxonasi atrofidan o’g’irlashgan. O’shanda u 19 yoshda edi. Bir guruh erkaklar mashina kelguncha uni zo’rlik bilan Bishkek ko’chalaridan birida ushlab turgan.
“O’zimni bir jonivorday, hayvonday his qilganman. Biror qarshilik qilish tugul, hatto qimirlay olmasdim”, - deydi u.
O’shanda uni o’g’irlab kuyovnikiga, Bishkekdan 200 kilometr naridagi Issiqko’l viloyatining chekka bir qishlog’iga olib kelishgan. Uning ko’z yoshlariga qaramay oq libos kiydirib, chimildiqqa olib kirishgan.
“Buvim an’analarga o’ch. Uning nazarida ketib qolsam, sharmandagarchilik degani. Buvim meni begona xonadonda qolishimga ko’ndirishga urinardi”, - deydi Elzat Kazakbayeva.
Biroq Elzatning onasi voqea yuzasidan politsiyaga xabar berishini aytganida kuyov tomon o’g’irlangan qizni qo’yib yuborgan. Shu bilan Elzat omon qolgan.
Uning modalar namoyishida qatnashishdan maqsadi hech kim gapirishni, kurashishni istamagan muammoli mavzularni an’anaviy qirg’iz ayoli misolida aks ettirish orqali ta’sir o’tkazish.
“Bugungi qirg’iz ayoli boshqalar uchun yangicha qahramonni aks ettira oladi. Men xotin-qizlar huquqi uchun kurashaman”, - deydi u.
Kelin o’g’irlash Qirg’izistonda 2013-yil qonun yo’li bilan taqiqlangan. Bu ishga qo’l urganlar 10 yilgacha qamoq bilan jazolanadi.
Ko’p hollarda, ayniqsa, nochor oilalarda bu odat ikki tomon kelishuvi bilan amalga oshiriladi. Bunda to’yning katta xarajatlaridan qutilib qolish ko’zda tutiladi, deydi Kleynbax.
BMT Taraqqiyot dasturi vakilining aytishicha, o’g’irlangan qizlarning sonini aniqlash qiyin, chunki ularning oilalari huquq-tartibot organlariga xabar bermaydi, qo’rqishadi. 24 yoshgacha bo’lgan ayollarning 14 foizi majburlashning turli yo’llari bilan nikohga berilgan.
“Ular muammo haqida xabar berishni istashmaydi. Ishi sudgacha borishidan qo’rqib da’vo qilmaydi yoki arizasini qaytib olishga majbur bo’ladi. Bunga sabab atrofidagi ayollar, gap-so’zlar bosimi. Ular sharmanda bo’lib qolishni, bokira emas degan nom ostida qolishni istashmaydi. Oqibatda xotin-qizlar azob-uqubatda qolaveradi”, - deydi BMT Taraqqiyot markazining Qirg’izistondagi idorasi vakili Umutoy Davletova.
Aida Sooronbaeva 35 yoshda. Uning taqdiri Elzat Kazakbayevanikidan ham ayanchli.
17 yoshida uyga kelganda bobosi qo’l-oyoqlari bog’langan, uyi esa ostin-ustun qilingan edi. Akasi uni aldab, o’rtog’ining uyiga yashiradi. Shu yerda o’rtog’ining oilasi uni og’irlab ketadi. Bularning hammasi oldindan rejalangan bo’ladi.
Boshida u majburiy turmushga ko’nmaydi, lekin mahalla-ko’y gap-so’zi, ijtimoiy bosimdan qo’rqib 16 yil shu xonadonda, zo’ravonlik ostida yashashga majbur bo’ladi.
“Meni doim uyda saqlashgan, ko’chaga chiqarmasdi. Faqatgina hovliga chiqishim mumkin edi. Bolalarim uchun chidaganman”, - deydi u bo’yni va badanidagi chandiqlarni ko’rsatib.
Bir necha yillar oldin u qattiq kaltaklar va zo’ravonlikdan ko’chaga qochib chiqqanida, o’tib ketayotganlardan biri uni qutqargan va shu bahona u eridan qochib qutilishga erishgan.
U ham tadbirda qatnasharkan, o’z hayoti misolida majburiy turmushga qarshi ekanini ko’rsatmoqchi.
“Har qanday erkak ko’zimga dushman bo’lib ko’rinadi. Yana turmush qurish haqida o’ylamayman ham. Lekin biz ayollar kuchlimiz, bu kunlardan mardona o’tib ketamiz”, - deydi Aida Sooronbayeva.
Facebook Forum