Ayrim mutaxassislar, jumladan, “Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti” rasmiylari taxminiga ko’ra, Afg’onistondan xalqaro koalitsiya kuchlari chiqishi ortidan Markaziy Osiyoda ekstremistik va terroristik guruhlar faollashadi.
Bu o’rinda mintaqaning ancha notinch hududi bo'lgan Qirg’izistonda qaysi guruh va tashkilotlar faoliyati alohida xavotir uyg'otmoqda? Mahalliy matbuotda bot-bot yangrayotgan tashvishlar naqadar asosli? “Amerika ovozi” shu mavzuda Qirg’izistonlik taniqli ekspert, Bishkekdagi Farg’ona vodiysida tinchlik va xavfsizlik masalalari bo’yicha «Fergana-sentr» axborot-tahlil markazi ta’sischisi Begijon Ahmedovni suhbatga tortdi.
«Markaziy Osiyoda, xususan, Qirg’iziston hududida, qator ekstremistik va terroristik tashkilotlar ochiq yoda yashirin ravishda faoliyat olib bormoqda. Ularni qo’llab-quvvatlovchi kuchlar, ya'ni "beshinchi kolonna" mavjudligi ham inkor qilinmaydigan fakt», - deydi tahlilchi.
Begijon Ahmedovga ko’ra, Qirg’izistonda 33 oqimga mansub 2475 diniy tashkilot mavjud. 13 tashkilot ekstremistik, terroristik, deya hisoblanib, ularning faoliyati sud tomonidan taqiqlangan. Bu tashkilotlarning o’ntasi o’zlarini islom dini maqsad-manfaatlari bilan bog’laydi. "Hizbut-Tahrir", "O’zbekiston islomiy harakati" va «Jihod» guruhlari shular jumlasidan.
“Oxirgi yillarda fosh etilgan jamoalar, yashirin terroristik guruhlar, hibsga olingan shaxslar shu tashkilotlarga mansubligini hisobga olsak, yuqorida zikr qilingan guruhlarning ko’pchiligi Qirg’izistonda faoliyat olib borishga urinmoqda», - deydi Begijon Ahmedov.
Tahlilchi nazarida, davlat tizimlari radikal oqimlar va terroristik guruhlarga qarshi sistemali ravishda kurash olib borishni yo’lga qo’ymoqda. Bu o’rinda, suhbatdoshga ko’ra, yoshlarning bunday guruhlarga qo'shilishining oldini olish chora-tadbirlari, ommaga haqiqiy islom hamda ekstremistik yo’nalishdagi oqimlar o’rtasidagi farqni tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Bu ishlarga diniy idoralar xodimlari jalb etilmoqda.
Ayrim kuzatuvchilar Markaziy Osiyo hududida radikal va terroristik guruhlarning faollashuvini xalqaro kuchlarning Afg'onistonni tark etayotgani bilan bog'laydi. Begijon Ahmedov ham Afg'oniston va mintaqa o'rtasida bog'liqlik borligini aytadi.
«Afg’onistondagi vaziyatning qanday rivojlanishi va Markaziy Osiyo rivoji o’rtasida uzviy bog’liqlik bor, - deydi u. - Lekin Markaziy Osiyoda diniy, siyosiy-harbiy holatning qanday bo’lishi birgina Afg’oniston omiliga bog’liq emas. Ta’siri bo’ladi, ammo katta, birinchi darajali ta’sir emas».
Tahlilchi fikricha, jamiyat orasida ekstremist g'oyalarning yoyilishiga qarshi kurashda ommaga to'g'ri diniy ta'lim-tarbiya berish muhim ahamiyatga ega.
Tahlilchi Begijon Ahmedov bilan suhbatni quyida tinglashingiz mumkin: