So’nggi yillarda katta siyosiy o’zgarishlarni boshdan kechirgan Qirg’iziston ayni paytda Markaziy Osiyodagi yagona parlamentar respublika hisoblanadi. Mamlakat, xususan, yaqin o’tmishda qonli etnik ziddiyatlarni boshdan kechirdi. O’lka mintaqaning nisbatan ancha demokratik davlati sanalsa ham, siyosiy beqarorlik va millatchilik mamlakatning iqtisodiy va siyosiy xavfsizligiga raxna solmoqda, deydi xalqaro kuzatuvchilar.
Qirg’iziston so’nggi o’n yilda ikki inqilobni boshdan kechirdi. 2010-yilgi siyosiy to’ntarish mamlakat janubida etnik to’qnashuvlarga aylanib ketdi. O’sh va Jalolobod viloyatida yuz bergan qonli ziddiyatda yuzlab odam halok bo’ldi; yuz mingga yaqin aholi esa o’z uyini tashlab ketdi. Jabr ko’rganlarning aksariyati etnik ozchilikni tashkil qiluvchi o’zbeklar.
Qirg’izistonning bugungi siyosiy ahvoli qanday? Hukumat hisobdorligini oshirish maqsadida qabul qilingan parlamentar tizim o’zini qanchalik oqlamoqda? Jons Xopkins universitetida o’tgan davra suhbatida tadqiqotchilar shu mavzu atrofida fikr yuritdi.
Shvetsiya Xalqaro munosabatlar instituti tadqiqotchisi Yoxan Engval fikricha, Qirg’izistonda vaziyat hanuz beqaror. Mamlakat iqtisodiyoti, xususan, siyosiy va harbiy salohiyati zaif bo’lib, xavfsizlik masalasida, asosan, Rossiya yordamiga ko’z tikadi, deydi kuzatuvchi.
“Qirg’iziston shunday holatdaki, oldida ko’p tanlov imkoniyati mavjud emas. 2010-yilgi inqilobdan so’ng hukumatga kelgan yangi siyosiy yetakchilar darhol Rossiya ko’magini olishga urindi. Ular boshidan Bojxona ittifoqiga qo’shilishni yoqlab chiqishdi. Hukumat ittifoqqa qo’shilish Qirg’iziston uchun har tomonlama manfaatli ekanini ta’kidlaydi; aslida esa, Bishkek olida bundan boshqa yo’lning o’zi yo’q”, - deydi Yoxan Engval.
Qirg’izistonning qo’shni O’zbekiston bilan munosabatlari yaxshi emas. Bishkek O’zbekistonga qarshi xavfsizlik kafolati sifatida ham Moskva yordamiga tayanadi, deydi Engval.
“Ikki davlat o’rtasidagi asosiy kelishmovchilik suv zaxiralaridan foydalanishda ko’rinadi. Qirg’iziston o’z hududidagi suvni to’sib, Toshkentning tinchini buzayotgan bo’lsa, Rossiya gidroinshootlar qurilishida Qirg’izistonning yonini olmoqda”, - deydi kuzatuvchi.
Antoni Boyer Qirg’izistondagi fuqarolik jamiyati va siyosiy tizim faoliyatini yaqindan o’rgangan ekspertlardan. Mamlakatning siyosiy barqarorligini kuchaytirish bo’yicha xalqaro hamjamiyat tashabbusi bilan o’tkazilgan qator loyihalarda ishtirok etgan. Tadqiqotchining ta’kidlashicha, Qirg’iziston hali tom ma’nodagi parlamentar tizimga o’ta olgani yo’q.
“Ancha mustahkam fuqarolik jamiyati yuzaga keldi. Yoshlar orasida siyosiy faollik oshdi. Lekin aholining siyosiy madaniyati hali tizimning kutilgandek ishlashi uchun kerakli darajada shakllanmagan. Ayollar, yoshlar va ozchilik elatlarning o’rni sezilmaydi. Parlamentda ham huquqiy malakaga ega mutaxassislar yetishmaydi. Shu bois mamlakat parlamentini haqiqiy professional qonun chiqaruvchi organ deb aytish qiyin”, - deydi kuzatuvchi.
Prezident Almazbek Atambayev hokimiyatga kelgach, mamlakatni yanada demokratlashtirishga va’da bergan edi. Ammo kuch-qudrat, avvalgidek, yana sanoqli shaxslar va guruhlar qo’liga to’plana boshladi, deydi Boyer.
“Prezident ayrim vakolatlaridan voz kechib, parlamentar tizim doirasida ishlash istagida ekanini ma’lum qildi. Ammo amalda buning aksi kuzatildi. Prezident parlamentga tegishli ayrim huquq va vakolatlarni yana o’ziga qaytarib oldi. Uning ikkinchi muddat uchun nomzodini qo’ymasligi haqida aytgan gaplari ham shubhali”, - deydi xalqaro ekspert.
2010-yilgi etnik zo’ravonlik oqibatida yuzaga kelgan qirg’iz-o’zbek ixtilofi Qirg’iziston siyosatiga millatchilik kayfiyatini olib kirdi. AQShdagi Milliy mudofaa universiteti professori Erika Maratning aytishicha, oradan to’rt yil o’tishiga qaramay, etnik ziddiyat asoratlarini hanuz sezish mumkin.
“Hayot o’z iziga qaytgandek. Do’konlar ochiq, uylar va mahallalar qayta qurildi. Lekin diskriminatsiya, inson huquqlarining poymol etilishi hanuz davom etyapti. Janubiy Qirg’izistonda, xususan, O’shda, mahallalarning millatga qarab ajralishi holatlari kuchaygan”, - deydi u.
Tadqiqotchiga ko’ra, ayrim siyosiy guruhlar etnik ixtilofdan o’z manfaatlari yo’lida foydalanib, hatto davlat darajasida millatchilikka asoslangan qarorlar qabul qilinishiga erishdi.
“2010-yilgi to’qnashuvlardan so’ng etnik ozchilik guruhlar, ayniqsa, o’zbeklar ularning asosiy nishoniga aylandi. Ayrimlari qirg’izlarning bosh millat sifatida rasman tan olinishini hamda boshqa elatlar ularning urf-odatlarini hurmat qilib yashashi lozimligini talab qila boshladi”, - deydi u.
Maktablarda “Manas”ni majburan o’qitishni yo’lga qo’yish, ta’lim o’zbek tilida olib borilgan o’quv yurtlarida imtihonlarni qirg’iz tilida topshirishni joriy qilish millatchi guruhlarning ta’siri asosida qabul qilingan qarorlardir.
Erika Maratning ta’kidlashicha, Qirg’iziston siyosiy sahnasida mo’tadil qarashdagi partiya va guruhlar ham bor, ammo ularning ta’sir kuchi zaif. Shunga qaramay, mamlakatda milliy birdamlikni kuchaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlar davom etmoqda, deydi u. Amaldagi hukumat qoshida tuzilgan maxsus guruh ham mamlakatda milliy birlik va o’zlik konsepsiyasini yaratish ustida ish olib bormoqda, deydi kuzatuvchi.
Tadqiqotchilar Qirg’izistonda fuqarolik jamiyati mintaqaning boshqa davlatlariga qaraganda ancha yaxshi rivojlanayotgani haqida hamfikr. Ammo ular millatchilik va zaif siyosiy tizim mamlakatda demokratik institutlarning barqaror rivojlanishiga g'ov bo'layotganini aytadi. Turli etnik guruhlarga mansub barcha fuqarolar ishonchini qozonib, ularni birdek himoya bilan ta’minlamaguncha, Qirg’iziston siyosiy jihatdan beqaror va xavfli mamlakat bo’lib qolaveradi, deydi ular.