Kelib chiqishi Lotin Amerikasidan bo’lgan va ovoz berish huquqiga ega amerikaliklar soni 28 milliondan ortiq. Yil oxirida o'tadigan prezident saylovlarida ularning taxminan yarmi ovoz berishi kutilyapti. Ispanzabonlar orasida muhojirlik orqali fuqarolikni qo’lga kiritganlar va ularning farzandlari faol.
Maria Elena va Rene Burgos 25 yillik turmushlari davomida 5 farzandni voyaga yetkazdi. Ularning barchasi saylovda faol qatnashadi.
“Biz, odatda, birga ovoz beramiz. Shu bois qarorni ham birga qabul qilamiz. Bir-birimizni qo’llab-quvvatlaymiz”, - deydi Maria Elena Burgos.
“To’g’ri, biz oilaviy muhokama qilamiz”, - deydi uning turmush o’rtog’i Rene Burgos.
Ularning AQShda tug’ilgan to’rt farzandi 2016-yilgi prezidentlik saylovida ovoz beradi. Monika Burgos uchun bu ilk prezidentlik saylovi. Muhojirlik kabi masalalarga qarab nomzod tanlayman, deydi u.
“Immigratsiya jiddiy masala, chunki odamlar doim chegarani kesib o’tadi. Ular yaxshiroq hayot istab Amerikaga kelishadi. Ota-onam ham shunday qilgan”, - deydi u.
Maria Elena Burgos Meksikada tug’ilgan. Ammo onasi amerikalik bo’lgani uchun AQSh fuqaroligini olgan. Rene Burgos esa Salvadordagi fuqarolar urushidan qochib AQShga noqonuniy kirgan. Reygan ma’muriyati tomonidan amnistiyaga tushib, nihoyat fuqarolikni va ovoz berish huquqini qo’lga kiritgan.
“Bu jarayonda qatnashayotganimdan juda xursandman. Boshqa bir davlatdan AQShga kelish va saylovda qatnasha olish biz uchun juda katta imkoniyat”, - deydi u.
“Huquqlar himoyalanmagan yoki o’z fikringizni ifodalay olmaydigan davlatdan kelgan bo’lsangiz, bunday imkoniyat muhim ahamiyatga ega”, - deydi uning rafiqasi.
Bu huquqning ahamiyatini muhojirlik orqali fuqaro bo’lganlar va ularning farzandlari yaxshi tushunadi. Shu bois ispanzabonlar Amerika siyosatida faol. NALEO ta’lim jamg’armasi rahbari Arturo Vargesning aytishicha, faollik eski avlod ispanzabonlar orasida bu qadar kuchli emas.
“Faqat inglizcha gapiradigan asli meksikalik fuqarolar uncha faol emas. Puerto-Riko yoki boshqa davlatlardan kelganlar orasida ham shu ahvol. Chunki ularning aksariyati Amerika siyosiy tizimidan umidini uzgan”, - deydi u.
Ta’lim jamg’armasi ispanzabon amerikaliklarni saylovda faol qatnashishga undab keladi. Bu toifa saylovchilarning askariyati demokrat sanalsa-da, biror partiyani qo’llab-quvvatlamaydiganlar soni ham ortib bormoqda.
“Eng tez o’sayotgan guruh bu biror partiyaga qo'shilmaganlar, o’zini mustaqil hisoblaydiganlar”, - deydi Varges.
Burgos oilasi ham shu toifadan.
“Qaysi biri nisbatan yaxshiroq, shunga qaraymiz. Mukammal bo’lmasa-da, bittasini tanlash kerak. Hech bir nomzod yoki partiyadan 100 foiz rozi bo'lmaysiz”, - deydi Maria.
Burgoslar oilasi kelib chiqishi Lotin Amerikasidan bo’lgan ikki nomzodni kuzatmoqda - bular respublikachilar Marko Rubio va Ted Kruz. Ammo etnik jihatdan bir xil bo’lish kifoya emas, qadriyatlarimiz ham o’xshash bo’lsin, deydi ular.