Breaking News

Lavrov Oq uyda Tramp va Pompeo bilan gaplashdi


10-dekabr kuni AQSh Prfezidenti Donald Tramp Oq uyda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovni qabul qildi. Tomonlar ikki mamlakat o’rtasida to’planib qolgan muammolar va qarama-qarshiliklar xususida gaplashgan. Bular Suriya va Ukrainadagi urushlar, qurol nazorati, Rossiyaning Amerika saylovlariga aralashgani bilan bog’liq Vashington da’volari.

Xalqaro hayot - 11-dekabr, 2019-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:07:49 0:00

AQSh va Rossiya Suriya va Ukrainadagi urushlarda qarama-qarshi taraflarni qo’llab-quvvatlaydi. Qurol nazoratiga kelganda esa Qo’shma Shtatlar yaqinda bu boradagi ko’p yillik bitimdan chiqdi.

Qo’shma Shtatlar Kremlni Amerika saylovlariga aralashayotganlikda ayblab keladi.

“Bunga toqat qilmasligimizni bir necha bor aniq aytganman”, - deydi AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo.

Sergey Lavrov AQShning bu da’vosi asossiz ekanini aytdi.

Rossiya buni inkor etishiga qaramay, AQSh razvedka doiralari Rossiyaning saylovga burun suqqaniga doir dalillar borligini aytadi.

O’tgan hafta Rossiya Prezidenti Vladimir Putin amal qilish muddati 2021-yilda tugayotgan Strategik qurollarni qisqartirish bitimini hech bir shartsiz uzaytirishga tayyor ekanini aytdi.

AQShda “Yangi START”, Rossiyada esa “SNV-3” nomi bilan yuritiluvchi shartnoma 2010-yil aprelida Pragada imzolangan bo’lib, unga ko’ra, tomonlar yadroviy kallakchali strategik raketalarini uchirish moslamalarini 50 foizga kamaytirishi, shay holatga keltirilgan yadroviy raketalar hamda shay holatga keltirilgan va omborlarda saqlanayotgan ballistik raketalar sonini muayyan miqdordan oshirmasligi zarur.

Avgust oyida Prezident Tramp Sovuq urush paytida imzolangan Qisqa va o’rta masofali raketalarni yo’q qilish bitimidan chiqdi. Vashington Rossiya kelishuv shartlarini buzganligini sabab qilib ko’rsatdi, biroq Moskva bu ayblovlarni inkor etmoqda.

“Lavrov Rossiyaning “Yangi START” bitimini uzaytirish taklifiga AQSh munosabatini bilish uchun kelgan. Hamda AQShning Ukrainaga yordamini cheklashni ham so’rab ko’rgan bo’lishi mumkin”, - deydi Vashingtondagi “Atlantika Kengashi” tahlil markazi eksperti Mark Simakovskiy.

Hafta boshida Rossiya va Ukraina rahbarlari Parijda “Normand to’rtligi” majlisi doirasida ko’rishib, 2015-yilda kelishilgan, ammo bajarilmay kelgan sulh bitimini jonlantirish haqida gaplashishdi.

Lavrovning tashrifi Kongressda Trampga qarshi impichment jarayoni bilan bir paytga to’g’ri keldi.

“Prezident ham Amerika xalqiga, ham jahon hamjamiyatiga impichment jarayoniga qaramay Rossiya bilan aloqalar nazoratidan chiqmaganini va ularni yaxshilamoqchi ekanini namoyish etmoqchi. Prezident Putin bilan bo’lajak muloqotni muhokama qilish uchun Rossiya vazirini qabul qilyapti”, - deydi Simakovskiy.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG