Breaking News

AQSh qonunchilari Shimoliy Koreya bo'yicha maxfiy brifingda qatnashdi


Senatorlar brifingga yo'l olmoqda
Senatorlar brifingga yo'l olmoqda

Chorshanba kuni AQSh Senatining barcha 100 a’zosi va bir necha kongressmen Oq uy ma’muriyati tomonidan Shimoliy Koreya bo’yicha uyushtirilgan maxfiy brifingda qatnashdi.

Qonunchilar bilan ilk bor o’ziga xos shaklda uchrashgan Prezident Donald Tramp ularga Shimoliy Koreya tahdidini bartaraf etish uchun Oq uy ishlab chiqqan rejalar haqida ma’lumot berdi.

Senator Kris Kunsning aytishicha, majlisda harbiy chora haqida gap ketmagan.

“Senatga a’zo har ikki partiya vakillarining prezident ma’muriyati, milliy xavfsizlik bo’yicha rasmiylar va diplomatlar bilan bu kabi uchrashuvlari foydalidir”, - dedi qonunchi.

So’nggi paytda Vashington va Pxenyan keskin bayonotlar almashdi, Qo’shma Shtatlar harbiy kemalarini Koreya yarimoroli tomon safarbar etdi, Pxenyan raketa sinovini o’tkazishga harakat qildi. Mintaqada vaziyat taranglashmoqda.

Biroq Gavayidagi tahlil markazi eksperti Denni Royning aytishicha, har yil bahorda mojaro yangidan qo’zg’alayotgandek tuyuladi.

“Har safar shu paytda AQSh va Janubiy Koreya birgalikda yirik harbiy mashg’ulotlar o’tkazadi. Shimoliy Koreya esa buni o’ziga tahdid deb biladi va odatda qattiq bayonotlar chiqaradi”, - deydi tahlilchi.

Kongressda qonunchilarga hisobot bergan AQSh Qurolli kuchlarining Tinch okeani qo’mondonligi boshlig’i admiral Garri Xarrisning aytishicha, Koreya yarimorolidagi taranglikni yumshatishning eng samarali yo’li harbiy qudratni namoyish etishdir.

“Har bir sinovdan so’ng Kim Chen Un Amerika shaharlarini yadro quroli bilan nishonga olish salohiyatini oshirmoqda. Vatanimizni himoya qilish – asosiy vazifam. Kim Chen Unning tahdidlarini jiddiy qabul qilishga majburman”, - dedi admiral.

Mintaqa tomon safarbar etilgan AQSh harbiy kemalari yarimorolga yaqinlashmoqda. Qo’shimcha ravishda Janubiy Koreya portiga “Michigan” yadro suvosti kemasi ham jo’natilgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG