Breaking News

Assad mag’lub bo’lsa, Hizbulloh barbod bo’ladimi?


Bayrutda Hizbulloh manzilida portlash ro'y berdi. 37 kishi jarohatlangan.
Bayrutda Hizbulloh manzilida portlash ro'y berdi. 37 kishi jarohatlangan.
Livanning Hizbulloh shia harakati hamisha yashirin bo’lib kelgan, biroq Suriya urushga tortilganidan beri guruh yanada yopiq tus olganday. Raqib siyosiy partiyalar qo’shni davlatdagi ahvolni, Bashar al-Assad qulasa, nima bo’lishini muhokama qilmoqchi, ammo Hizbullohdan aniq javob yo’q.
Hizbullohning mol-mulki, g’aznasi va Suriya rahbari Bashar al-Assad bir-biri bilan uzviy bog’liq ekani, Livan ahli nazarida, oydek ravshan. Shia partiya Damashqning siylovi, Livan siyosatiga aralashuvi, Assad razvedkasining qo’llab-quvvatlovisiz oyoqqa tura olmasdi.

Hizbulloh Assadning tarafida olishib, kelajagini shu hukumat bilan bog’lab qo’ydi.

Lekin Suriya prezidenti mag’lub bo’lsa, shia partiyani nima kutayapti? Eron tarafida qolib, qurollarini ko’payritib, Isroilni g’anim deya ko’rishda davom etadimi? Yoki mamlakat ichki muammolariga e’tiborni oshirib, jangovar siyosatidan yiroqlashadimi?

Livanlik muallif, sharhlovchi Maykl Yang fikriga ko’ra, Assad mag’lubiyati Hizbullohni kuchdan qoldiradi, lekin partiya yashashda davom etadi:

“Hizbulloh tugaydi demagan bo’lar edim. Bu masalaga juda jo’n yondashishdir. Suriya rejimining qulashi Hizbullohning o’limini anglatmaydi. Jangovar salohiyati ancha susayadi, qurollanishga kelganda muhim manbaidan ayriladi, qo’shni mamlakatda qudratli ittifoqchisidan ajraladi - shu”, - deydi Yang.

Hizbulloh yetakchilarining jar solishicha, Assad yutqizmaydi va Eron- Suriya-Hizbulloh ittifoqi hali uzoqqa yetadi. Lekin livanlik shialar mamlakatda tobora avj olayotgan mazhablararo ziddiyatdan vahimada. Bu yurt sunniy musulmonlari va nasroniylar yig’ilib, Hizbullohni ham muhokamaga chorlayapti. Qo’shni davlatlari urushning ta’siri, diniy tortishuvlarni qanday hal qilish mumkin, deya o’ylanib qolgan ular. Ammo Hizbulloh bosh qo’shmayapti.

2000-yilda aksariyat livanliklar, sunniylar ham, Hizbullohning Isroilga qarshi urushdagi shijoatidan yayragan, olqishlar bilan chiqqan edi. Lekin, deydi Bayrutdagi Livan-Amerika Universiteti siyosiy tahlilchisi Bassel Salluk, bugun o’sha ilhom, eyforiya so’ngan.

“2000-yilda Isroil bosib olgan yerlardan chiqib ketdiyu Hizbulloh butun mintaqaning qahramoniga aylandi. Ammo bugun Hizbulloh odamlarning nazaridan qolgan”, - deydi Salluk.

Mamlakatdagi sunniylar borgan-sari Hizbullohdan norozi, buni ochiq-oydin gapirayapti. Suriyada sunniylarning qoni to’kilgani uchun Hizbulloh javob beradi, deydi livanlik sunniylar. Assad yutqizsa, qo’shni yurtda jangari partiyaning mavqeiga ham putur yetishi aniq.

Siyosiy tahlilchi Bassel Salluk nazarida Suriyadagi urushdan oldin Hizbulloh qurolini tashlashga, tinch siyosatga yo’nalishga tayyor edi. Ammo urush bu jarayonni to’xtatib qo’ydi.

“Sunniylar aksariyat ko’pchilikni tashkil etgan regionda mazhablar o’rtasida ziddiyat chuqurlashgani sari Hizbulloh qurol-yarog’ to’plashga tushgan. Avvaliga asosan islomiy, arabiy qadriyatlar uchun kurashgan guruh tobora jangovar tabiatga moyil bo’lib borayapti”, - deydi tahlilchi.

Bu orada, bugun Livanning Hizbulloh shia guruhi qarorgohi joylashgan manzilida mashina portlab, kamida 37 kishi jarohatlangan. Voqea Bayritning Bay al-Obid mahallasida ro’y berib, binolar, do’konlar alanga olgan. Hujum ortida kim turgani ma’lum emas.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG