Birlashgan Millatlar Tashkilotining bir necha idorasi tayyorlagan qo’shma hisobotga ko’ra, Livanda yashovchi har 10 suriyalik qochqin oilaning 9 tasi o’ta qashshoq. BMTning qochqinlar agentligi, Jahon oziq-ovqat dasturi hamda Bolalar jamg’armasining bildirishicha, bunga Livandagi qator inqirozlar sabab.
Qochqinlar boshqarmasi so’zlovchisi Liza Abu Xolidning aytishicha, so’nggi bir yilda o’ta qashshoq oilalar miqdori 55 foizdan 90 foizga ko’tarildi.
“Hech vaqoimiz yo’q. Vaziyat og’ir, juda oz yordam berishadi bizga. 100 ming Livan funtiga zo’rg’a bir shisha moy va yarim kilo choy beradi”, - deydi halablik Abdul Mavlo.
Livanda bir milliondan ziyod qochqin yashaydi – aholisi 5 million bo’lgan mamlakat uchun bu katta yuk.
Livan iqtisodiy va moliyaviy inqirozni boshdan kechirarkan, mahalliy banklar kapitalni qattiq nazorat qilishga majbur bo’lmoqda, mahalliy pul birligi 80 foizga qadrzilandi. Livan aholisining yarmidan ko’pi ham qashshoqlik ostonasida turibdi.
Inqiroz bir yil oldin boshlanib, koronavirus pandemiyasi hamda poytaxt Bayrutda 200 dan ortiq odamning o’limi va katta vayronagarchiliklarga sabab bo’lgan kuchli portlash ahvolni yanada og’irlashtirdi.
Bunday vaziyatda suriyalik qochqinlar o’ta qiyin ahvolda qolgan, deydi Abu Xolid.
Aksariyati vataniga qaytmoqchi, qolganlari esa boshqa mamlakatlarga.
“Oilam 12 kishidan iborat. Uch egizagimizga doim sut kerak. BMT kam miqdorda oziq-ovqat beradi. Lagerda 230 ta chodir bor. 7 qizimdan uchtasi menga vodiyda qarashadi. 5 soat ishlab topgan pulimiz shu kunga yetadi, xolos”, - deydi suriyalik yana bir qochqin Hasan Muhammad.
Facebook Forum