Xitoyning Gonkong xavfsizligiga doir qonuni doirasida 71 yashar gongkonglik milliarder Jimmi Layning hibsga olinishi ketidan uning “Apple Daily” tabloid gazetasining adadi 70 mingdan yarim millionga chiqib ketdi.
“Kechagi voqeadan so’ng hamma yoshlar “Apple Daily”ni o’qishga oshiqmoqda. Hatto odatda gazeta sotib olmaydiganlari ham”, - deydi Judi Do ismli kiosk sotuvchisi.
Gonkongdagi namoyishlarni qo’llab-quvvatlagan Jimmi Lay Xitoyda iyun oyida qabul qilingan yangi qonun doirasida hibsga olingan eng nufuzli odam bo’ldi. Xitoy tashqi ishlar vaziri bo’lginchilik, terrorchilik, xorijiy kuchlar bilan til biriktirishda gumon qilinayotgan odamlarni nishonga oluvchi qonunning Gonkongdagi ijrosini olqishladi.
Gonkongliklar nazarida, Xitoy bu bilan orolda demokratiya tarafdorlari ovozini o’chirmoqchi.
“Gazeta muharririyatini ko’plab politsiyachilar bosdi. Vaziyat jiddiy. “Apple Daily” gazetasini qo’llab-quvvatlayman. Taksiga o’tirdimu, gazetani sotib olish uchun kioskka bordim”, - deydi ulardan biri.
“Politsiya qo’pol ravishda matbuot erkinligiga changal soldi. Ongli gonkongliklarning hammasi “Apple Daily”ni, Gonkongni qo’llab-quvvatlashi kerak”, - deydi bir ayol.
Lay xorijiy kuchlar bilan til biriktirish gumoni bilan ushlangan edi. Sud uni hamda hibsga olingan ikki o’g’li va kompaniyasi xodimlarini garov puli evaziga qamoqdan ozod etdi.
Facebook Forum