Liviyaga qarashli kema G'azo Sektorida falastinliklar uchun gumanitar yordam tashir ekan, Qo'shma Shtatlar Liviya hukumatini Isroil bilan to'qnashuvdan o'zini tiyishni so'ramoqda. AQSh olti hafta burun Turkiya kemasi bilan bog'liq mojaroning takrorlanishidan xavotirda.
31 may kuni Turkiya kemasi ham G'azoga gumanitar yordam olib ketayotgan edi, biroq Isroil kemaning blokada ostidagi sektorga yo'lini to'sib, uni ishg'ol qilishga uringan. Natijada Isroil kuchlari kemadagi faollar bilan to'qnashib 9 nafarini o'ldirgani xalqaro janjalga sabab bo'lgan edi.
Shundan beri yahudiy davlati G'azo blokadasini bir oz yengillashtirgan. Liviya kemasi sektorga 2000 tonna oziq-ovqat va dori-darmon olib ketayotganini aytadi. Qo'shma Shtatlar rasmiy Tripolidan Isroilga kemani nazorat etishga imkon berishni so'ramoqda. Kemada Liviya prezidenti Muammar Qaddafiyning o'g'li Saif al-Islom Qaddafiyga qarashli xayriya tashkilotining 14 faoli bor.
Shu paytga qadar olingan ma'lumotlarga ko'ra, kema Isroil ogohlantirishidan so'ng Misr tomon burgan.
AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Filip Kroulining aytishicha, yuk Isroil tekshiruvidan o'tgandan so'ng G'azoga yuboriladi.
"Yaqin Sharq tinchlik jarayoniga aloqador tomonlar gumanitar yordamning G'azo xalqiga yetkazilishini istaydi, biroq shu bilan birga zaruratsiz to'qnashuvning oldini olgan ma'qul", - deydi rasmiy.
Bugun AQShning Yaqin Sharq bo'yicha maxsus vakili Jorj Mitchell Isroil va Falastin o'rtasida bevosita muloqotni yo'lga qo'yish maqsadida yana mintaqaga otlanmoqda.
"Biroq", - deydi Filip Krouli, "kecha Sharqiy Quddusning arablar yashaydigan qismida Isroil hukumati falastinliklarga qarashli bir necha imoratni vayron qilib, AQShning vositachilik harakatlariga pand bergan".
Isroil nazarida uylar ruxsatsiz qurilgan.
Qo'shma Shtatlar Liviyadan Isroil bilan to'qnashuvning oldini olishni so'ramoqda.