Breaking News

Liviyada prezident saylovlari keyingi yilga qoldirildi


Liviya saylov komissiyasi 24-dekabrga belgilangan prezident saylovlarini bir oyga kechiktirishga qaror qildi. Parlament qo’mitasiga ko’ra, hozirgi sharoitda saylovlarni o’tkazish mumkin emas.

Xalqaro hayot - 23-dekabr, 2021-yil
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:10:35 0:00

Shu kungacha turli siyosiy kuchlar saylov haqidagi qonunlar bo’yicha tortishib keldi, qurolli guruhlar o’zaro to’qnashdi. Mamlakat sharqi va g’arbidagi kuchlar o’rtasidagi nizolar, minglab xorijiy jangarilar va qo’shinlarning borligi ham saylovga g’ov deb ko’rilmoqda.

Qonunchilar saylovni 24-yanvar kuni o’tkazish taklifini kelasi hafta muhokama qilishi va ovozga qo’yishi kutilmoqda.

Saylov komissiyasiga ko’ra, prezidentlikka nomzodlikni belgilovchi qoidalar mujmal bo’lgani uchun kimning saylovda ishtirok eta olishi va eta olmasligi, bo’lajak prezident va parlament vakolatlari qanday bo’lishi hamon ko’p savol tug’dirmoqda.

Masalan, Liviya sobiq rahbari Muammar Qaddafiyning o’g’li Sayful Islom Qaddafiy urush jinoyatlari uchun Tripolidagi prokurorlar va Xalqaro jinoiy sud tomonidan qidiruvga berilganiga qaramay, u prezidentlikka o’z nomzodini e’lon qildi. Saylov komissiyasi uning arizasini o’tgan oy bekor qilishi ketidan sud shu oy uning nomzodini tiklashga qaror berdi.

Kuzatuvchilarga ko’ra, parlament saylovni yanvarda o’tkazishga kelishgan taqdirda ham jarayon yana bir bor qoldirilishi mumkin.

AQSh, Fransiya, Germaniya va boshqa davlatlar saylovni qoldirmaslikka chaqirarkan, aks holda qurolli mojaro qaytadan avj olishi haqida xavotir bildirdi.

Muammar Qaddafiy 2011-yilda o’ldirilishi ketidan Liviyaning ayrim joylarida ixtiloflar vujudga keldi. 2019-yilda ikki yirik guruh hokimiyat talashib, mamlakat bo’ylab fuqarolar urushiga turtki berdi, oraga Rossiya, Misr, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari kabi mamlakatlar aralashdi.

Yil boshida BMT vositachiligida raqib taraflar sulhga kelishib, muvaqqat birlik hukumati tuzishga va saylov o’tkazishga rozi bo’ldi.

Shu kunga qadar 98 odam prezidentlikka nomzodini qo’ygan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Facebook Forum

XS
SM
MD
LG