Breaking News

Erkin zamonlar keldi, deydi Liviya ziyolilari, endi unda yashashni o'rganish kerak


Liviyada jurnalistlar erkin ekanini aytadi, lekin matbuot sifati qanday?
Liviyada jurnalistlar erkin ekanini aytadi, lekin matbuot sifati qanday?
O’tgan yilning oktabr oyida inqilobiy g’alaba e’lon qilingan Liviyada qanday ijobiy o’zgarishlar kuzatilmoqda? Zamon qanday ekanini matbuot belgilaydi.



Poytaxt Tripolidan reportaj uzatgan hamkasbimiz Al Pessinning tasvirlashicha, Liviya axborot vositalari bir qarashda juda faol va erkin ko’rinadi. Yangi telekanallar, radio stansiyalar, gazeta va jurnallar. Lekin gap sonda emas, sifatda.

Liviyani qariyb 42 yil temir panja bilan boshqargan Muammar Qaddafiy erkin so’z va fikr dushmani edi. O’tgan yili uning kuni va hukmronligi bitdi.

Noshir va tadbirkor Solih Sharifning “Amerika Ovozi”ga aytishicha, bugun mamlakatda o’qishga arzigulik gazeta yo’q.

“Yangi nashrlar bir tiyinga arzimaydi”, - deydi Sharif. “Jurnalistlardan juda noroziman, muharrirlar qayoqqa qarayapti? Nega savodsiz axborot berayapti”?

“Maqolalar qandaydir idoralardan yozilayapti. Haqiqatni umuman aks ettirmaydi. Xalq dardini yoritish kerak. Ko’chaga chiqib, odamlar bilan gaplash. Gazeta jamiyatni, real hayotni ochib berishi kerak”.

Noshir Solih Sharif va yosh jurnalist Rida Aql
Noshir Solih Sharif va yosh jurnalist Rida Aql
Yangi gazetalardan birining bosh muharriri Rida Aql jurnalistlarni himoya qiladi. Erkin matbuot, professional jurnalistikaga erishish uchun yillab qattiq mehnat qilish kerak, deydi u. Erkinlik va burch yonma-yon yuradi. Muxbirlar malakasini oshirish, ularni yangi zamon talablariga moslash uchun mablag’ va vaqt kerak.

“Gazetamiz Liviya yangiliklari, xalqaro va mahalliy xabarlarni yoritadi. Alohida sahifalar bor. Reklamaga ham joy bor, chunki u daromad manbai”.

Rida Aql inqilobdan oldin tibbiyot sohasida o’qiyotgan edi. Shifokor bo’lish harakatida edi. Lekin qo’zg’olon va inqilob uning hayotini, qarashlarini, maqsadlarini tubdan o’zgartirib yubordi. Siyosiy jihatdan faolligi oshib, demokratik harakatga qo’shildi. Yozishga, tahlilga ixlosim baland, deydi u.

“Safdoshlarim bilan o’z gazetamizga asos soldik. Chunki kuchli jamiyat qurish uchun kuchli, ishonchli matbuot kerak. O’zimizni aldab nima qilamiz? Liviyada yangi davlatchilik barpo etish uchun har bir fuqaro o’z hissasini qo’shishi lozim. Buning uchun esa fuqaroga zarur axborot berish kerak, uning ongini oshirish kerak”.

Tripoli bozorlarida
Tripoli bozorlarida
Liviyada Muammar Qaddafiy zamonidan omon qolgan, so’nggi siyosiy o’zgarishlardan tirik chiqqan nashrlar ko’p. Ulardan biri ingliz tilida chop etiladigan Tripoli Post gazetasi.

Bosh muharrir Said Lasvod nelarni ko’rmadik, deydi.

“Qaddafiy kallamizni oladi deb doimiy qo’rqinchda ishladik, lekin ishimizni tashlamadik. Chunki axborot yig’ish va uzatish muqaddas kasblardan biri. Xalqning rahmatini olib, faoliyatimizni davom ettirdik. Qurbonlar bo’ldi. Azob-uqubat nima ekanini boshdan kechirdik. O’zimizni o’zimiz senzura qildik. Chunki boshqa yo’l yo’q edi. Mana erkin kunlar ham keldi. Bugun qo’rqinch hissi yo’q”.

So’nggi bir yil ichida Liviyada ko’plab nashrlar yopilib ketdi. Asosiy sabab – moliyaviy qiyinchiliklar.

Rida Aql singari yosh gazetachilar xabarni tekinga tarqatmoqda. Odamlar o’qisa bas, deydi u. Ozgina chidaymiz, deydi u, omma ishonchini qozonsak, reklama evaziga faoliyat yuritish mumkin. Erkin jamiyatda hamma narsa talabga bog’liq, deydi u.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG