Shimoliy Atlantika Shartnomasi Tashkiloti, NATO Liviya uzra parvozlarni man qilish operatsiyasini qo’lga oldi. 18-martdan beri amaliyotga Qo’shma Shtatlar boshchilik qilib kelayotgan edi. Mazkur operatsiyaga AQSh 550 million dollar sarflagan. Vashington har oy yana 40 million dollar ajratishi kutilmoqda.
NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen so’zlariga ko’ra, operatsiya “Ittifoq himoyachilari” deya nomlanadi.
Vazifa esa BMT Xavfsizlik Kengashi qabul qilgan rezolyutsiyani amalga tadbiq etishdan iborat. Liviya uzra parvozlarni taqiqlash, qurol-aslaha embargosi-cheklovi va aholini havo hujumlaridan pana qilish ana shular jumlasidan.
AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasi kuni-kecha Liviyaga o’z agentlarini jo’natgan; ular razvedka ma’lumotini yig’ib, muxolifat bilan ko’rishadi. Britaniya josuslari ham hozir Liviyada ekani ma’lum. Maqsad Muammar Qaddafiyga qarshi kurashayotgan guruhlar tarkibini, salohiyatini o’rganish; isyonchilarga qurol berishdan oldin qilinayotgan ish bu.
Prezident Barak Obama yaqinda Liviya xalqi mudofaasiga doir maxfiy hujjat imzolagan edi. Unda muxolifatni qo’llab-quvvatlash aytiladi, biroq ularga miltiq tutqazish haqida biror narsa deyilmagan. Britaniya ham bu masalada bir to’xtamga kelmagan. Rossiya esa qat’iyan qarshi ekanini aytib keladi.
“Muxolifatga noharbiy yordam ko’rsatish yo’llari muhokamada”, - deydi Jey Karni, Oq Uy matbuot kotibi. “Biroq masala hamon ochiq”, - deydi u.
Prezident Barak Obama hafta boshida bergan intervyusida Qaddafiyni chetlatish uchun kuch ishlatilmaydi, degan edi. Ammo Obama o’q-dori berish ehtimolini rad etmadi. Liviyadagi vaziyat kunda o’zgarib turibdi.
Amerika Mudofaa vaziri Robert Geyts fikricha, iqtisodiy va siyosiy bosim Qaddafiyni ketishga majbur qiladi.
Bu orada Qaddafiyga xayrixoh kuchlar oppozitsiyani yirik shaharlardan haydab chiqargan. Ular safida Chad qo’shinlari ham borligi aytiladi.
So’nggi bir haftada, ittifoqchilar havo hujumi natijasida bu strategik hududlar – Ras Lanuf va Brega muxolifat qo’liga o’tgan edi. Isyonchilar hozircha faqat Ajdabiya va Bing’ozi shaharlarida mahkam o’rnashib olgan.
Liviya Tashqi ishlar vaziri Musa Kusa bugun Britaniyaga safari chog’ida ishdan ketishini aytgan. Biroq Qaddafiy ma’muriyati buni inkor etimoqda.
G’arb nazarida bu – hukumat naqadar tarqoq va kuchdan qolib borayotganini ko’rsatadi. Musa Kusa Qaddafiy bilan uzoq yillar ishlagan, uning ishongan mashalatchisi va razvedka xizmati rahbari bo’lib xizmat qilgan. Liviya adliya va ichki ishlar vazirlari qo’zg’olon boshida ishdan bo’shagan edi.
Britaniya rasmiylarining aytishicha, Kusaga hech qanday imtiyoz, himoya va’da qilinmagan. “U o’z ixtiyori bilan ish tutmoqda”, - deydi ular. Musa Kusa 1988 yilda Amerikaga qarashli samolyotning portlashiga aloqador degan taxminlar mavjud. Xuruj 270 odamni hayotdan olib ketgan edi.
Britaniya kecha Liviyaning besh diplomatini vataniga qaytarib yuborgani ma’lum. Qaddafiyga sodiq bu shaxslar, jumladan, harbiy attashe Liviya muxolifatini ta’qib qilish, qirollik xavfsizligiga tahdid solishda ayblangan.
Yevropa Kengashi prezidenti German Van Rompuy fikricha, Qaddafiy ketsa, Liviya uchun eng ma’qul yo’l shu. 27 davlat a’zo Yevropa Liviya rahbarini ishdan chetlatishi kerak deb keladi. Uganda Qaddafiyga siyosiy boshpana berishga tayyor.
Amerikada o’tkazilgan ijtimoiy so’rov natijalariga ko’ra, aksariyat aholi harbiy tadbirga qarshi. Aholi Iroq va Afg’onistondagi urushlardan qattiq toliqqan.