Breaking News

Liviya sharqida muxolifat hukmron, chetga neft uzata boshladi


Neft konlarining 80 foizi muxolifat qo'lida ekani taxmin qilinadi
Neft konlarining 80 foizi muxolifat qo'lida ekani taxmin qilinadi

Liviyada hukumatga qarshi bosh ko’targan kuchlar g’arbda sanoat markazi sanalmish Zaviya shahrini egallab olgan.

42 yillik rahbar Muammar Qaddafiyga sodiq kuchlar shaharni qurshab, o’qqa tutishga shay.

Mamlakat sharqida esa xalq muvaqqat hukumat tuzib, fevral boshidan beri to’xtab qolgan neft eksportini yo’lga qo’ygan.

Zaviya shahri poytaxt Tripolidan salkam 50 kilometr narida. Portga yaqin, zavod va fabrikalar, neft va gaz sanoati makoni. Guvohlarning aytishicha, shahar 2 ming harbiy tomonidan qamalda.

Namoyishchilar qo’liga o’tgan sharqda, yirik neft koni va ishlab chiqarish majmuasi joylashgan hududda yonilg’i savdosi sekin-asta jonlanmoqda.

Xitoy va Avstraliyaga atalgan ikki tanker neft portga yetkazilgan. Amerika matbuotining yoritishicha, Liviya neft konlarining 80 foizi muxolifat izni ostida.

Sharqiy viloyatlarda vaqtincha rahbarlar tayinlangan.

Liviya Milliy Kengashi nomli bu organni fuqarolar boshqarmoqda. Isyonchilar safidagi harbiylar esa mudofaa uchun mas’ul.

Inson huquqlari faoli, taniqli arbob Abdul Hafiz Gug’a “rahbar Qaddafiy bilan muzokaraga o’rin yo’q”, deydi.

Kengash hozircha namoyishlar beshigi – Bing’ozida faoliyat ko’rsatadi. “Poytaxt Tripoli ozod bo’lguniga qadar”, - deydi faol.

Qaddafiy nazarida bu kuchlar bezori to’dadan boshqasi emas. Liviya rahbari G’arb qo’ygan sanksiyalarni ham qoralagan.

BMT Xavfsizlik Kengashi so’nggi voqealarni harbiy tribunalga oshirishga qaror qilgan. Insoniyatga qarshi jinoyatlar haqida gap ketmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG