Liviyaning BMT tomonidan tan olingan Milliy birdamlik hukumati (MBH) Germaniyaning Shtutgart shahrida AQSh rasmiylari bilan uchrashib, mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirishda yordam so'ragan.
AQSh Qurolli kuchlarining Afrika qo'mondonligi rahbari general Tomas Valdxauzer hamda AQShning Liviyadagi elchisi Piter Bodd MBH Bosh vaziri Fayoz Sarraj bilan uchrashgan.
Liviyalik rasmiy mamlakatdagi ahvol haqida ma'lumot bergan. Milliy birdamlik hukumati poytaxt Tripolida joylashgan bo'lib, Tobruk shahrida asoslangan Vakillar kengashi deb nomlanuvchi raqib hukumat bilan hokimiyat uchun kurashib kelmoqda.
Vakillar kengashining qurollangan kuchlari qo'mondoni general Xalifa Haftar Rossiya bilan hamkorlik qilmoqda. Shu maqsadda Misr g'arbidagi harbiy aerodromga rossiyalik maxsus kuchlar safarbar etilgani aytilmoqda.
AQSh rasmiylari Liviyada hech bir tarafning yonini olmayotganini aytadi. Biroq ayrim kuzatuvchilar Qo'shma Shtatlarning bunday passiv siyosatini mas'uliyatsizlik deya tanqid qilmoqda.
“Liviyada ishni eplay olmadik. Uni "Obama ma'muriyatining Iroq urushi" desak ham bo'ladi. Muammar Qaddafiyni hokimiyatdan ag'dardigu, hamma narsa joy-joyiga tushib ketadi, deb o'yladik", - deydi Vashingtondagi Brukings tahlil instituti xodimi Maykl Oxanlon.
Unga ko'ra, 2003-yilda Iroqda Saddam Husaynni ag'darishni buyurgan sobiq Prezident Jorj Bush ham shunday hayolda bo'lgan.
Biroq Iroqqa yuz mingdan ortiq askar yuborilgan edi, Liviyadagi amerikalik qo'shinlar soni esa Tripolidagi hukumatga qarashli kuchlarni harbiy tayyorgarlikdan o'tkazishga ham kamlik qiladi. Ular, asosan, Tripoli, Bing'ozi va Misratada joylashgan.
“Oz sonli qo'shinlarimiz bilan mamlakatni barqarorlashtira olmaymiz. Liviya bo'yicha strategiyamiz sayoz", - deydi Oxanlon.
Liviyadagi beqarorlik, kuchli markaziy hukumatning yo'qligi "Islomiy davlat" jangari guruhiga bu mamlakatda ham tomir otishga imkon berdi.
Virjiniya shtatining Arlington shahrida joylashgan CNA nodavlat izlanish va tahlil tashkiloti eksperti Dmitriy Gorenburgning aytishicha, yaqinda Liviyaga rus qo'shinlari ham kiradi.
"Rossiya Haftarni qo'llab-quvvatlash bilan Liviyada ta'sirini tiklamoqchi va Misr bilan aloqalarni yanada kuchaytirmoqchi. Qaddafiy Moskva bilan yaxshi aloqada edi", - deydi mutaxassis.
Amerikalik tahlilchilarga ko'ra, AQSh va Rossiya Suriya masalasida hamkorlik qila olmagani kabi Liviyada ham kelishib ish qila olmaydi.