Xitoylik huquq faoli, tinchlik bo'yicha Nobel mukofoti laureati Lyu Syaobo 61 yoshida olamdan o'tdi. U bir necha yildan beri o'pka saratoni bilan og'riyotgan edi.
Lyu umrining oxirgi sakkiz yilini qamoqda o'tkazdi. Ahvoli og'irlashgach, qamoqxonadan Shenyan shahridagi kasalxonaga ko'chirilgan edi.
So'nggi kunlarda unga yetarli darajada sifatli tibbiy yordam ko'rsatilmagani, oilasining davolash uchun bemorni AQSh yoki Germaniyaga jo'natish bo'yicha iltimosi qondirilmagani yuzasidan bahslar kuchaydi.
Yozuvchi va kollej o'qituvchisi bo'lgan Lyu an'anaviy Xitoy madaniyatini tanqid qilib, individual yashash tarzini targ'ib qilishi bilan tanilgan. 1989-yil Xitoyning Tyananmen maydonida namoyishlar boshlangach, AQShning Kolumbiya universitetidagi o'qishini tashlab, namoyishlarda qatnashish uchun Xitoyga qaytgan edi.
4-iyun kuni namoyishlar zo'ravonlik bilan bostirilgach, Lyu Syaobo qamoqqa olindi.
U qamoqdan chiqib ham huquq himoyasi bo'yicha faoliyatini davom ettirdi va umri davomida bir necha bor qamoqda o'tirib chiqdi. So'nggi bor 2009-yil 11 yilga ozodlikdan mahrum qilingan edi.
Facebook Forum