Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi britaniyalik taniqli huquqshunos Barrister Jeffri Nays Xitoy hukumatining Shinjonda uyg’urlarga nisbatan zug’umining insoniyatga qarshi qatliom ekani haqidagi da’volarni tekshirish uchun mustaqil tribunal tashkil etmoqda.
Tribunal o’z ishini kelasi yili boshlaydi. Bir necha kun davomida guvohlar va ekspertlar ko’rsatmalari tinglanadi, yangi dalillar taqdim etiladi.
Tribunal Britaniya hukumatidan mustaqil ravishda ish ko’radi.
Barrister Nays Serbiya sobiq prezidenti Slobodan Miloshevichga qarshi sud ishida prokurorlar guruhiga rahbarlik qilgan, Xalqaro jinoiy sud bilan ishlagan. U Jahon uyg’urlar kengashi iltimosiga ko’ra bu xalqqa qarshi hanuz davom etayotgan jinoyatlar va qatliom ehtimolini o’rganib chiqadi.
Naysning aytishicha, genotsid haqidagi da’volar shu kungacha huquqiy tomondan o’rganilmagan. Tribunal tashkilotchilari yaqin bir necha oyda Xitoydan chiqqan uyg’urlardan dalillar, ma’lumotlar to’plamoqda.
Xabarlarga ko’ra, Shinjonda uyg’urlarning ommaviy ravishda saqlanayotgani aytilayotgan lagerlarda ishlagan qo’riqchilar ham ko’rsatma berishi mumkin.
“Ommaviy qamoqqa olishlar va majburiy sterilizatsiya bo’yicha yetarlicha dalil bor”, - dedi Nays.
“Assoshieytid Press” axborot agentligi yaqinda o’tkazgan tekshiruv natijasiga ko’ra, Xitoy hukumati Shinjonda uyg’urlar va boshqa elatga mansub musulmonlar sonini tushirish maqsadida ayollarni muntazam ravishda tibbiy ko’rikdan o’tkazmoqda, yuz minglab odamlarni sterilizatsiya qilmoqda, homiladorlarni abortga majburlamoqda. Ko’plab odamlarni diniy ekstremizmga aloqadorlikda ayblab lagerga jo’natishayotgan bo’lsa, ayrim ayollarni ko’p bolali bo’lgani uchun qamashgani ayon bo’ldi.
Nays majburiy sterilizatsiya Qatliom haqidagi konvensiyaga zid ekanini aytadi.
Xitoy hukumati uyg’urlarga nisbatan zulm haqidagi da’volarning asossiz ekanini, G’arb matbuoti uydirmasi ekanini aytib keladi.
Londonda tashkil etilayotgan tribunal hukmining ijrosi hech bir hukumat uchun majburiy emas, deydi Nays. Tribunal hakamlar hay’ati kamida 7 kishidan iborat bo’ladi. Hukm 2021-yil oxirida o’qilishi kutilmoqda.
Facebook Forum