So’nggi bir necha yillarda to’y marosimlarini videoga tushirishda “lav stori” janri ommaviylashgan. Musiqali klip kabi ishlanadigan qisqa videolarda ikki yoshning tanishgani aks ettiriladi, sevgi hikoyasi kuylanadi. Ba’zi video ustalarining ishi Gollivud filmlari treylerlariga o’xshab ketadi.
Texnologiya rivojlangani hamda yuqori sifatli videokameralar narxi tushgani sari video mahsulot sifati oshib boraveradi. Ba’zilar hatto to’y videolari uchun alohida bir kanal yaratishni taklif etmoqda.
Shu tobda siz kino tomosha qilyapman deb o’ylayotgan bo’lishingiz mumkin. Turli joylarda suratga tushirilgan manzaralar, dronlar yordamida yuqoridan olingan tasvirlar, maxsus effektlar kinoni eslatadi, ammo aslida bu to’y videosi.
“To’y videolarida haqiqiy odamlar, haqiqiy voqealar, hikoyalar professional tarzda suratga tushiriladi”, - deydi “Lav Stori” televideniyesi asoschisi Reychel Silver. Onlayn kanal yuqori sifatli to’y videolarini namoyish etadi.
“Butun dunyodan minglab videolar kanalimizga yuklanadi”, - deydi u.
Kanalni kim tomosha qiladi? O’zlari tanimagan odamlarning to’y videolariga kimlar qiziqadi?
“Tomoshabinlarimizning aksariyati realiti-shoularda katta bo’lgan, muhabbat haqidagi ko’plab ko’rsatuvlarni internetda tomosha qilishga o’rgangan. “Lav stori” janrida ikki yoshning qanday tanishgani, bir-birini qanday sevib qolgani tasvirlanadi. Ularning do’stlari va oila a’zolari bilan suhbatlar bo’ladi”, - deydi Reychel Silver.
“Lav Stori” kanali turmush qurmoqchi bo’lgan odamlarga to’yni qanday rejalash haqida ham ma’lumot beradi. Unda namoyish etilayotgan har bir videoda to’yxonalar, gulchilar, kelinlik libosini sotuvchi do’konlar haqida ma’lumot beriladi.
Jennifer Tompson to’y videolarini oladigan kompaniyaga egalik qiladi. Unga ko’ra, kanalning internetdagi sahifasi biznesiga katta yordam berdi.
“Ular ishlarimizni keng ommaga ko’rsatib, bizga yangi mijozlar keltiradi”, - deydi u.
Kanal asoschisi Reychel Silver o’z to’yining videoga tushirilmaganidan afsusda. Yillar o’tib, bunday videolarning ularda tasvirlangan oilalar uchun qadri oshadi, deydi u.
“Ularga qadrdon bo’lgan oila a’zolari, do’stlarining hammasi bir joyda tasvirlanadi”, - deydi Silver.
Facebook Forum