Donald Tramp Oq uyga kirishi bilan AQShning yadro arsenalini qayta ko’rib chiqishni buyurgan edi. Shundan bir yil o’tib, xulosa shuki, yadro qurollarini zamonaviylashtirish lozim. Tramp ma’muriyati kam quvvatli taktik yadro qurollarini yaratishga urg’u bermoqchi.
Yadro qurollari shu qadar qudratliki, ularni ishga solish haqidagi xayollarning o’zi bu ishni qilmaslikka yaxshi sababdir. Tramp ma’muriyati Rossiyadan qolishmaslikni, taktik yadro qurollarini rivojlantirishni taklif etmoqda.
“Rossiya vayrona ko’lamini kamaytiruvchi kam quvvatli atom qurollarini ishga solsak yoki ishga solishga do’q-po’pisa qilsak, bunday salohiyatga ega bo’lmagan Qo’shma Shtatlar javob bera olmasligi yoki javob ancha kuchliroq bo’lishi mumkin, deb o’ylayotgan bo’lsa kerak”, - deydi AQSh mudofaa vazirining siyosat bo’yicha o’rinbosari yordamchisi Deyvid Traxtenberg.
Kam quvvatli yadro qurollari 15-20 kilotonna atrofida bo’lib, hajmi bo’yicha AQShning Xirosima va Nagasaki shaharlariga tashlagan bombalariga o’xshab ketadi. AQSh va Rossiyaning aksariyat yadro qurollari bundan ancha qudratli.
Rossiya taktik yadro qurollarini qo’llashi mumkin degan xavotirlar AQShni bunday qurollarini ko’paytirishga majbur qilmoqda.
“Hozirgi siyosatimiz Putinni to’xtatib qolishiga ishonch qolmayapti. U cheklangan yadro qurolini ishga solib, suvdan quruq chiqaman deb o’ylayotgan bo’lishi mumkin. Shuning uchun siyosatimizni o’zgartirishimiz kerak”, - deydi Jorjtaun universitetidan Mettyu Kronig.
Sobiq senator Sem Nanning aytishicha, kichik hajmdagi yadro qurollariga egalik qilishning xavfli tarafi bor.
“Agar AQSh ham, Rossiya ham yadro qurollarini ishga solish haqida gap ochadigan bo’lsak, dunyoda yadro qurollariga ega boshqa mamlakatlarni ham inobatga olsak, dunyo tez orada juda xavfli joyga aylanadi”, - deydi sobiq qonunchi.
Facebook Forum