22 ming xodimini ishdan bo’shatish haqida ma’lum qilgan Germaniyaning “Lyuftganza” aviakompaniyasi iyun oyida hukumatdan 9 milliard yevro miqdorida moliyaviy yordam olishiga qaramay, qo’shimcha ish o’rinlari qisqartirilishi haqida ma’lum qildi.
Koronavirus pandemiyasi sabab xalqaro sayohatlar keskin kamaygan bir paytda “Lyuftganza” samoloyotlarining bir qismini vaqtincha, bir nechta A340 “Aerobus” samoloyotini esa butunlay ekspluatatsiyadan chiqarishini bildirdi.
Kompaniya bashoratiga ko’ra, parvozlarga talab pandemiyadan oldingi darajaga qaytishiga bir necha yil ketadi, “Lyuftganza” joriy yil oxirigacha 20-30 foiz quvvat bilan ishlashi kutilmoqda.
“Lyuftganza” moliyaviy jihatdan, yo’lovchilarni qondirish darajasi jihatidan, reys marshrutlari strukturasi jihatidan ancha kuchli kompaniya. Agar shunday kompaniya bunday kunlarni boshdan kechirayotgan bo’lsa, salohiyati unikidan ancha past boshqa aviakompaniyalarning holi nima bo’lishini bir tasavvur qiling”, - deydi “Aero Consulting Experts” kompaniyasi rahbari Ross Eymer.
“Lyuftganza” xodimlari huquqlarini himoya qiluvchi kasaba uyushmalardan biri ish o’rinlarini qisqartirish qarorini tanqid qilarkan, kompaniyani muzokaraga da’vat etdi.
Aviakompaniya oylik naqd xarajatlarini 584 million dollarga qisqartirmoqchi ekanini ma’lum qildi.
“Samolyotlar odatda lizing asosida ishlatiladi va to’lovlarni lizing kompaniyalariga qilib turish kerak. Bundan tashqari, samoloyotlarning turish joyi uchun aeroportlarga to’lanadi, xodimlarga to’laysiz, xullas, yaxshi ishlaydigan har bir kompaniyada ana shunday qo’shimcha xarajatlar bor”, - deydi Britaniyaning Reding universitetidan professor Xorxe Guyra.
Parvozlar kamaygani sari ayrim xizmatlardan voz kechilmoqda.
Amerikalik sobiq uchuvchi Ross Eymer xodim va mutaxassislarini ishdan bo’shatgan aviakompaniyalar pandemiyadan so’ng qiynalib qolishini bashorat qilmoqda.
“Hozirgi dahshatdan o’tganimizdan so’ng yo’lovchilar oldingiday ko’lamda sayohat qilishga ahd qilsa, aviakompaniyalar uchuvchilar tanqisligiga yuz tutadi. Ularni ishga qaytarish qimmat jarayon va vaqt oladi”, - deydi mutaxassis.
Yoz mavsumida Yevropada sayohatlar jonlanishi ketidan virusga chalinish yana kuchaydi. Ispaniya, Fransiya, Britaniya va boshqa mamlakatlar sayohatga qaytadan cheklov qo’yishga majbur bo’ldi, yana karantin joriy etildi.
Yirik aviakompaniyalar xalqaro yo’nalishlarda uchuvchi yo’lovchilarni majburiy karantinga qo’ygandan ko’ra aeroportlarda parvozdan oldin COVID-19 ga test o’tkazishni taklif etmoqda.
“Barcha yo’lovchilarni tizimli testdan o’tkazish samolyotga virusi yo’q odamlarning chiqishini kafolatlaydi”, - deydi Xalqaro aviatransport uyushmasi bosh direktori Aleksandr de Juniyak.
O’tgan hafta “Lyuftganza” AQShga uchayotgan yo’lovchilar parvozdan oldin koronavirusga testdan o’tkazilishini e’lon qildi. 15 daqiqada natija beruvchi test yo’lovchilarga 10 yevroga tushadi.
Facebook Forum