Belarusdagi munozarali saylovlarda rasman g’olib deb topilgan Aleksandr Lukashenko maxfiy shaklda qasamyod keltirdi. Inauguratsiya marosimi matbuot uchun yopiq o’tdi, oldindan e’lon qilinmadi.
Bugun poytaxt Minskdagi shohko’chalar ertalabdan to’silib, Mustaqillik saroyiga prezident korteji keldi.
Bir necha daqiqadan so’ng internetda marosimdan suratlar chop etildi, davlat telekanali inauguratsiya videosini ko’rsatdi, tadbir efirga jonli uzatilmadi.
Salkam 700 kishi qatnashgan tadbirda Lukashenko belarus tilida yangi besh yillik muddatga qasamyod keltirib, bu kunni “Galaba kuni” deb atadi.
“Biz siz bilan shunchaki prezidentni saylaganimiz yo’q. Biz o’z qadriyatlarimiz, tinch hayotimiz, suverenitetimiz va mustaqilligimizni himoya qildik. Bu borada hali ko’p ish qilishimiz kerak”, - dedi u.
Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo’yicha oliy vakili Jozep Borrel tashkilot Aleksandr Lukashenkoni qonuniy prezident deb tan olmasligini aytdi.
Yevropa Ittifoqi Belarusning saylovlarni soxtalashtirishni va namoyishchilarni ta’qib etishni buyurgan o’nlab rasmiysini qora ro’yxatga kiritish arafasida. Ertaga Bryusselda bo’ladigan ittifoqqa a’zo davlatlar rahbarlarining sammitida bu masala ko’tariladi. Sanksiyalar hafta boshida qabul qilinishi kerak edi, biroq Kipr oyog’ini tirab olib, jazo choralariga veto qo’ydi.
Mamlakatni 26 yildan beri boshqarayotgan 66 yashar Lukashenko muxolifatning aksariyat liderlarini mamlakatdan haydagan yoki qamoqqa tashlagan. Shunga qaramay, saylov o’tganidan beri har dam olish kunlari minglab odam ko’chaga chiqib, uning iste’fosini talab qilmoqda.
Muxolifat inauguratsiya marosimini tanqid qilarkan, tadbirning maxfiy tarzda o’tganini o’g’rilar yig’ilishiga o’xshatdi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Belarusda inson huquqlari buzilayotgani haqidagi da’volarni o’rganishga kirishdi. BMTning inson huquqlari bo’yicha tergovchisi Anais Marinning aytishicha, saylovdan beri 10 mingdan ortiq odam hibsga olingan, 500 dan ziyod odamga nisbatan qiynoq qo’llangani qayd etilgan.
Facebook Forum