Belarusda prezidentga qarshi namoyish qilayotgan odamlar Aleksandr Lukashenkoni mamlakatni Sovet Ittifoqidan meros bo’lib qolgan qattiq nazorat sistemasi bo’yicha boshqarayotganlikda ayblasa, tarafdorlari barqarorlik va ishsizlik darajasining kamligiga ishora qiladi. Lukashenko tarafdorlari orasida o’tmishni qo’msayotgan kommunistlar ham, otashin pravoslavlar ham bor. Ular ham ko’chalarga chiqib, prezidentga xayrixohlik bildirmoqda.
Biroq Lukashenko tarafdorlarining aksariyati davlat korxonalari ishchilaridir. Sovet Ittifoqi qulashi ketidan mamlakatda ko’p fabrika-zavodlar saqlanib qolgan
“Ish o’rinlarini, ayniqsa yuqori malakali kadrlarni saqlab qolishga qattiq harakat qildik. Davlat va har bir korxona yangi bozorlarni qidirishga e’tibor qaratdi”, - deydi BelAZ zavodida xalqaro marketing direktori Konstantin Riltsov.
Bu korxonaning ko’p ishchilari militsiyaning namoyishchilarga nisbatan zo’ravonligiga qarshi uyushtirilgan ish to’xtatishlariga qo’shildi, biroq ishlab chiqarishni xavf ostiga qo’yishmadi.
“Ishchilar zo’ravonliklarni bas qilishni, qayta saylov o’tkazilishini, hibsga olingan namoyishchilar ozod etilishini talab qildi”, - deydi Belarus xalqaro kasaba uyushmasi kotibi Yelizaveta Merlyak.
Mamlakat sanoatidagi ishlab chiqarish deyarli butunlay davlat nazoratida. Aksariyat mahsulotlarni qo’shni Rossiya import qiladi.
"Rossiya asosiy hamkorimiz va doim shunday bo’ladi. Byudjetimizning 60 foizidan ko’pi Moskva bilan mavjud turli shartnomalarga bog’liq”, - deydi Milliy majlis deputati Tengiz Dumbadze.
Biroq so’nggi ikki oyda Lukashenko hukumatiga bosim shu qadar kuchaydiki, hatto hukumatga yaqin odamlar ham ayrim sohalarda islohotlarga ehtiyoj borligini tan olmoqda.
“O’tmishda qolib ketganimiz yo’q. Bu Sovet Ittifoqi emas. Islohotlar va o’zgarishlar kerak, ammo tinch yo’l bilan bo’lsin”, - deydi Yoshlar Ittifoqi markaziy qo’mitasining birinchi kotibi Dmitriy Voronyuk.
Belarus jamiyati 1990-yillardan beri katta o’zgarishlarga yuz tutgan, biroq siyosiy va iqtisodiy tizim o’zgarishsiz qolgan. Ayrimlar nazarida, bu tizim Lukashenkodan keyin ham saqlanib qolishi mumkin.
Facebook Forum