Breaking News

Amerika koinotni kezishda yordamga muhtoj


Apollo 11 missiyasi Kennedi fazoviy markazida. 16-iyul, 1969-yil.
Apollo 11 missiyasi Kennedi fazoviy markazida. 16-iyul, 1969-yil.

45 yil oldin iyul oyida odamzot ilk bor Oyga qadam qo’ydi. Amerika va Sovet Ittifoqi o’rtasida fazoviy raqobat ayni qizigan davrlar edi. Bugun siyosiy manzara o’zgacha va kosmik izlanishlar tabiati ham o’zgargan.

Qirq besh yil oldin amerikalik astronavtlar Nil Armstrong va Bazz Oldrin Oyga qadam qo’ydi; Qo’shma Shtatlar fazoviy poygada ustun kelayotgan edi. Lekin bugun hammasi o’zgargan.

“Ishlar chatoq. Hatto o’z odamlarimizni kosmik stansiyaga olib chiqolmaymiz. Milliardlab dollarlik chiqim bu”, - deydi Oldrin.

Ko’plab davlatlar bugun kosmosni zabt etmoqda. Oldrin nazarida Qo’shma Shtatlar bu o’lkalar yordamiga muhtoj. Endigi manzil – Mars sayyorasi.

“Oydagi izlanishlarga Amerika bosh bo’lishi kerak. Buning uchun esa Xitoy bilan birgalashib ishlash lozim. O’rtada raqobat qilishga hojat yo’q. Muhimi, fazo sohasida oldinga siljish bo’lsin, Marsga yo’l ochilsin”, - deydi Oldrin.

Qizil sayyora Amerika fazoviy tadqiqotlar agentligi NASA ning navbatdagi mo’ljali, deydi idora xodimi Ellen Stofan:

“Sayyoraga yetish vaqt talab qiladi. Olisda ekani bir sabab, taxminan sakkiz oy ketadi yo’lga. Ikkinchidan, qo’limizda zarur texnologiya yo’q hozir”.

Stofanning aytishicha, AQSh Marsga borish uchun boshqa davlatlardan yordam so’rashi kerak.

“Bugun aksariyat vazifalarni, astrofizika bo’ladimi yoki boshqa, xalqaro hamkorlar bilan bajaramiz. Bugun ishlar shunaqa qilinadi”, - deydi Stofan.

Oy zabt etilganidan 45 yil o'tib... 45 years since lunar landing
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:01 0:00

Gap faqat xorij hukumatlari haqida emas. 2017-yilda xususiy kompaniyalar AQShdan astronavtlarni xalqaro kosmik stansiyaga olib chiqadi.

“Virgin Galactic” kabi firmalar olim va fazoviy sayyohlarga xizmat ko’rsatadi. Kompaniya xodimi Vilyam Pomerantz shu yilliyoq ilk turistlarni fazoga olib chiqishni rejalaypmiz, deydi:

“Ochiq kosmosga chiqib, derazadan sayyorani, yulduzlarni tomosha qilish imkonini yarata olamiz. Oyga ilk sayohatni televizorda tomosha qilib katta bo’lgan uddaburo avlod bugun ulg’ayib, kamolotga yetgan. Ular NASA yaratgan zamonaviy texnologiyaga ishlov berib, yanada rivojlantirayapti”.

Fazoviy arxitektor Jon Spenser kosmik turizm katta sanoatga aylanishini bashorat qiladi.

“Yuzlab kompaniyalar fazoviy turizmga jalb qilinadi, odamlar Oyga sayohat qiladi. Mars ustida izlanishlar ketayapti. Xullas, kelasi o’n yilda bizni juda qizg’in palla kutmoqda”, - deydi Spenser.

Koinot hanuz yoshlarning qiziqishini uyg’otib keladi. Ella Volsted va Riz Xartvig yaqinda astronavt Bazz Oldrin bilan uchrashib gaplashdi.

“Marsni ko’rgim bor, fazoni o’rgangim keladi”, - deydi Xartvig.

“Koinotning poyoni yo’q, bizdan boshqa tirik jonzot bo’lishi kerak”, - deydi Volsted.

NASA ni ham aynan shu savol qiziqtiradi – koinotda yana kimlar bor?

Astronavt Nil Armstrong, Apollo 11 missiyasi rahbari Oyda. 20-iyul, 1969-yil.
Astronavt Nil Armstrong, Apollo 11 missiyasi rahbari Oyda. 20-iyul, 1969-yil.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG