Kecha Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron davlat tashrifi bilan Vashingtonga keldi. Uch kunlik safari davomida u Prezident Donald Tramp bilan xavfsizlik, savdo, dunyo siyosatiga doir masalalar haqida gaplashadi, Makron Kongressda nutq so’zlaydi.
Dushanba oqshom Tramp fransuz delegatsiyasi sharafiga Amerikaning ilk Prezidenti Jorj Vashington yashagan uyda ziyofat berdi.
2016-yil noyabrida prezidentlikka saylangan Tramp birinchi marta xorijiy mamlakat rahbarini davlat tashrifi bilan qabul qilmoqda. Bu ikki prezidentning yaqinligidan dalolat.
“Men uchun bu katta sharaf, dunyodagi hozirgi vaziyatni hisobga olganda muhim safardir”, - dedi Makron.
Fransiya rahbari AQShni Eron bilan imzolangan yadroviy bitimdan chiqmaslikka, iqlim o’zgarishiga doir Parij bitimiga qayta qo’shilishga undamoqda. Yaqinda Suriyaga birgalikda raketa otgan bu ikki davlat Yaqin Sharqdagi vaziyatni ham muhokama qilmoqda.
"Birlashish, kuchli bo'lish vaqti keldi. O'tmishimizni ulug'lab, kelajakka faxr va ishonch bilan nazar tashlaylik", - dedi Tramp.
Makronning aytishicha, AQSh va Fransiya terrorizmni birgalikda mag'lub qiladi. Tramp yaqinda qo'shinlarni Suriyadan chiqaraman, degan edi, ammo ayrim kuzatuvchilarga ko'ra, Makron undan fikrini o'zgartirishni so'rab ko'radi.
Ikki rahbar do'st deb ko'rinsa-da, ko’p masalalarga turlicha qarashadi - Eron, savdo, iqlim o’zgarishi, Quddus maqomi.
AQSh rahbari Donald Tramp Eron va olti davlat tomonidan imzolangan yadroviy shartnomani tanqid qilib keladi.
Kongress talabiga ko'ra, Amerika prezidenti har olti oyda bitimga rioya qilinayotganini tasdiqlab turishi lozim. Agar Tramp 12-maygacha Kongressni bu haqda xabardor qilmasa, Qo’shma Shtatlar hujjatni bekor qilishi mumkin. Fransiya va Germaniya Trampni bitimdan chiqmaslikka chaqirmoqda. Ular nazarida, shartnoma mukammal bo’lmasa-da, uning bo’lgani yaxshi.
Trampning aytishicha, bitim zaif va unda ko’plab kamchiliklar bor. Oq uy ma’muriyati hujjatni o’zgartirishga, Eronning ballistik raketa dasturini ham cheklashga chaqirmoqda.
"Eron Yaqin Sharqda ko'plab muammolar tug'dirmoqda. Bitim ballistik raketalar sinovini man qilmasligi to'g'ri emas", - dedi Tramp.
Makron Trampning Yevropaning po'lat va alyuminiysi importiga qo'yilgan tariflardan norozi. Agar Tramp 1-maygacha bojni bekor qilmasa, Yevropa bilan savdo urushi boshlanishi mumkin.
Chorshanba kuni Makron AQSh Kongressida so'zlaydi.
Facebook Forum