Ukraina Viktor Yanukovichni prezidentlikdan ag'dargan qonli voqealarni va inqilobning uch yilligini xotirlar ekan, AQShning yangi rahbariyati Rossiyaga Minsk bitimi shartlarini eslatmoqda. Bu kelishuvdan maqsad Ukraina sharqida tinchlikka erishish.
Germaniyaning Myunxen shahrida o'tgan xalqaro anjumanda so'zlagan AQSh Vitse-prezidenti Mayk Pens deydiki, uning davlati Rossiyani javobgar tutishda davom etadi, ya'ni Kreml Ukraina sharqidagi jangarilarni quvvatlashni bas qilib, agressiyadan qaytishi lozim.
G'arb Rossiyani Ukraina hukumatiga qarshi kuchlarni zimdan qurollantirib, hatto o'z maxsus qo'shinlarini safarbar etgan holda, Kiyevga nisbatan zo'ravon siyosat olib borayotganlikda ayblaydi.
Prezident Donald Tramp Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan til topishish niyatida. Pensning aytishicha, tomonlar kelishib olishi uchun imkoniyatlar bor. Biroq Kreml hozirgi yo'lidan qaytmasa, vaziyat yanada murakkablashadi.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Fransiya, Germaniya va Ukraina bilan so'nggi muzokaralar ketidan bildirishicha, sulh ijrosi yuzasidan yakdillik mavjud. Ukraina sharqida otishmalar bas qilinib, urushayotgan tomonlar og'ir qurollarni olib chiqadi. Ukraina hukumati esa, Minsk bitimiga ko'ra, ruslar katta sonni tashkil etadigan hududlarga erkinlik berib, avtonom vakolatlar bilan ta'minlashi kerak.
2013-yilning noyabrida Ukraina ikki o't orasida qolgan edi. Bir tomondan Yevropa Ittifoqi unga ulkan moliyaviy yordam va hamkorlik taklif qilsa, ikkinchi tomondan Rossiya unga iqtisodiy ko'mak va'da qilib, shu bilan birga siyosiy bosim o'tkazayotgan edi.
Moskvaga tayanishni ko'zlagan Viktor Yanukovich ukrainlar orasida avtoritar, yulg'ich va vijdonsiz rahbar sifatida tanilgan edi. Unga qarshi namoyishlar o'sha qish avj olib, 2014-yilning fevralida Yanukovich hokimiyati to'ntarildi. 18-20 fevral kunlari Kiyevdagi to'qnashuvlarda 100 dan ortiq odam o'lgan.
Shundan keyin Ukraina sharqida markaziy hukumatga qarshilik kuchayib, jangari harakatlari boshlandi. Bu harakatlarni uyushtirishda esa Kiyevdagi yangi rahbarlarga G'arb o'yinchoqlari deb qaraydigan Rossiya ayblanadi. O'tgan uch yil ichida Rossiyaga nisbatan bir necha sanksiya qo'yildi. Kreml ularni asossiz deb hisoblaydi.