Breaking News

"Wikileaks" ga maxfiy hujjatlarni uzatgan askar 35 yilga qamaldi


AQSh davlatining maxfiy ma’lumotlarini “Wikileaks” saytiga uzatgan oddiy askar Bredli Menning sotqinlikda aybdor topilib, 35 yilga qamaldi.

Harbiy tribunal qaroriga ko'ra, 25 yoshli Menning armiya safidan chiqariladi va imtiyozlarining bir qismidan mahrum bo'ladi. Prokurorlar uni 60 yilga kesishni so'ragan bo'lsa, advokatlari sudni askarga o'z nomini oqlash uchun imkoniyat berishga undagan edi.

2010-yilda harbiy va diplomatik maktublarni o'z ichiga olgan 700 mingdan ziyod maxfiy hujjatlar "Wikileaks" sayti orqali internetda chop etilgan edi. Bredli Menning Iroq va Afg'onistondagi urushlar haqidagi haqiqatni ommaga fosh etish uchun shunday qilganini aytgan.

"Birovga ziyon yetkazish niyatim yo'q edi. Aksincha, odamlarga yordam berayapman deb o'ylagandim", - dedi u suddan uzr so'rab.

Ayrimlar nazarida Bredli Menning qahramon. Hukumat sir tutgan faktlarni oshkor etgan. Boshqalar esa uni sotqin va jazoga loyiq deydi. Amerika xalqi va davlat xavfsizligini tahdid ostiga qo’ygan.

Anna Rayt, iste’fodagi polkovnik, Bredli Menning tarafida.

“Bredli Menning to’g’ri ish qilgan. Tashqi siyosatga doir nozik ma’lumotlarni ochib berdi. Men buning ahamiyatini tushunaman”,- deydi u.

Siyosatshunos Stiven Buchi fikricha, Menning - josus.

“Bredli Menning o’z davlatini, xalq unga bildirgan ishonchni oqlamadi. Qasamiga xilof ish tutgan”.

Sud jarayonida prokuror ayblanuvchini dushman bilan hamkorlik qilganlikda qoraladi. U diplomatik telegramma va harbiy ma’lumotlardan iborat minglab hujjatlarni “Wikileaks” saytiga taqdim etgan.

Advokatlarning aytishicha esa Bredli Menning juda yosh, tajribasiz, ammo niyati ezgu shaxs bo’lgan. Odamlar haqiqatni bilsin, degan.

U paytda Menning Iroqda xizmat qilayotgan bo’lgan. Amerika tarixida hech kim shuncha maxfiy ma’lumotni oshkor etmagan.

Hujjatlar Amerika rasmiylarining eng ichki muhokamalarini fosh etib, ularni dunyo ahli oldida sharmanda qilgan. Prokurorlarga ko'ra, bu ma’lumot Osama bin Laden va uning izdoshlariga ham yetib borgan.

Menning uzatgan materiallar orasida videolar ham bor, ularda AQSh havo hujumlarida gunohsiz insonlar halok bo’lgani tasvirlangan. Askar barcha ayblovlarni o’z bo’yniga olgan.

Morris Deyvis Guantanamo qamog’ida kechgan harbiy tribunallarda prokurorlik qilgan.

"Bu jinoyat davlatni izza qildi, uni obro’sizlantirdi, lekin real olib qaraydigan bo’lsak, konkret zarar ko’rilgani haqida isbot-dalil yetarli emas, nazarimda”,- deydi u.

Davlat sizga ishondimi, vazifani ado etish kerak, aks holda javob berasiz, deydi siyosatshunos Stiven Buchi.

“Qonun bu qonun. Uni buzgan odam adolat oldida javob berishi kerak. Aybdor deb topilsa, jazosini oladi, topilmasa, oqlanadi”,- deydi u.

Amerika bo’ylab bu ish yuzasidan bahs-munozaralar davom etmoqda.

Davlat sirlari... US Manning WIKILIEAKS
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:48 0:00
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG