Ummondagi olis bir cho’lda bir guruh astronavt va olimlar Marsda yashashni mashq qilishmoqda. Eksperiment bir kun kelib qizil sayyoraga sayohat qilishda qo’l keladi, degan umid bor.
Bu joylar Mars sayyorasiga o’xshab ketadi. Aslida Ummonning Dofar cho’li. Qattiq-quruq ob-havosi bilan tanilgan. Dunyoning 25 mamlakatidan 200 olim Marsda qo’llanishi rejalangan texnologiyalarni aynan shu yerda sinab ko’rishni ma’qul topdi.
Dam solinib o’rnatiladigan, 2,5 tonna keladigan mana bu uylar dashtlik ob-havosiga chiday oladimi? Odamlarni himoya qila oladimi?
“Yaqinda “SpaceX” kompaniyasi dunyoning eng kuchli va katta raketasini uchirdi. Bu degani, yaqin kelajakda chuqur fazoda ish olib borishimiz, Marsga yuk olib chiqishimiz mumkin bo’ladi”, - deydi astronavt Kartik Kumar.
O’zga sayyoralarga ekspeditsiya yuborish uchun test-sinovlar avvalo Yerda o’tkazilishi kerak.
Fazodagi xavf-xatarni simulyatsiya qilish, skafandr va roverlarda mashq qilish uchun ekstremal iqlimga ega Arizona cho’llari-yu, Sibir o’rmonlari ham qo’l kelyapti.
Test maydonlarini “analog” deyishadi. Astronavtlar kosmosda duch kelishi mumkin bo’lgan joylar.
“Atrofdagi manzaraga, yaydoq bu cho’lning hashamatiga qarab qoyil qolasiz. Marsda bu joylarning egizagi bor. Nafaqat ko’rinish jihatidan, balki mineralogiya va qum tarkibi jihatdan ham o’xshash. Ummon xalqining mehmondo’stligini ham hisobga olsak, bu yerga kelib to’g’ri qildik”, - deydi olim Gernot Gromer.
Butun dunyodan olimlar qanday sinovlar o’tkazish bo’yicha o’z takliflarini yuborishgan. Missiya nomi - AMADI-18.
Auda deb nomlangan 50 kilogramli skafandrni kiyib, astronavtlar USB orqali ilmiy asboblarga ulanadi. Ichkaridan ekranda xarita va boshqa ma’lumotlarni ko’rib turish mumkin.
Skafandrni “shaxsiy kosmik kemasi” deb tasvirlashadi. Uni yechmasdan ovqat yeyish va eksperimentlar o’tkazish mumkin.
Cho’lda o’tkazilgan sinov natijalari bir necha o’n yilda Marsda qo’l kelsa ajabmas.
Facebook Forum