Britaniya Bosh vaziri Tereza Meyning aytishicha, AQSh Prezidenti Donald Tramp Britaniyadagi ultramillatchi guruhning musulmonlarga qarshi ruhdagi, adovatga to'la videolarini "Twitter" orqali retvit qilib, to'g'ri ish qilmagan.
"Amerika bilan ittifoqchi ekanimiz uning xatolariga ko'z yumishimiz kerak degani emas. "Britaniya Birinchi" (Britain First) guruhining videolarini tarqatish noto'g'ri ish bo'ldi", - dedi Mey Ammonga safari chog'ida.
Gap uchta video haqida ketmoqda. Guruhga ko'ra, birida musulmon muhojir tayoqqa tayangan golland bolani urmoqda, ikkinchisida bir musulmon Bibi Maryam haykalini vayron qilmoqda, yana bir videoda bir necha musulmon o'smirni o'lguncha kaltaklab, tomdan tashlab yuborgan.
"Britaniya Birinchi" musulmonlarning Britaniyaga migratsiyasini britan nasroniy jamiyatining xorijiy kofirlar tomonidan zabt etilishi sifatida ta'riflaydi.
Videodagi voqealarning haqiqatga yaqin ekani, unda aynan musulmonlar tasvirlangani isbotlanmagan. Tereza Meyning aytishicha, millatchi guruh ta'limoti britan tarbiyasiga to'g'ri kelmaydi.
Niderlandiya hukumatiga ko'ra, golland o'smir tasvirlangan videoda hujum qilgan yigit musulmon mamlakatidan chiqmagan, asli gollandiyalikdir. Bibi Maryam haykalini esa 2013-yilda Suriyada ekstremist imom vayron qilgan. Uchinchi videodagi voqealar 2013-yilda Misrda, sobiq Prezident Muhammad Mursiyning harbiylar tomonidan ag'darilishi ketidan ro'y bergan.
Tramp britan rahbarining tanqidini "Twitter" orqali qoraladi.
"Men bilan ishingiz bo'lmasin. Birlashgan Qirollikda ildiz otayotgan buzg'unchi radikal islomiy terrorizm bilan shug'ullaning. Bizda bu borada hammasi joyida", - dedi Tramp.
Tereza Mey "biz terror tahdidini juda jiddiy olamiz", deb javob berdi.
Britaniyalik qonunchilarning ba'zilari Trampning Britaniyaga tashrifini bekor qilishni so'ramoqda. Mey bu talablarga bo'yin egmagan. Tashrif kuni hali aniq emas.
Oq uy so'zlovchisi Sara Xakkabi Sanders Trampning videolarni tarqatganini himoya qildi:
"Videolar haqiqiy bo'ladimi, yo'q, ammo tahdid haqiqiy va prezident ana shuni nazarda tutgan", - dedi Sanders.
London meri Sodiq Xonning aytishicha, bosh vazir Tramp va uning ma'muriyatiga bosim qo'yib, undan videolarni o'chirib tashlashni hamda Britaniya xalqidan uzr so'rashni talab qilishi kerak.
"Britaniya Birinchi" guruhi 2011-yilda Britaniya Milliy partiyasining sobiq a'zolari tomonidan yaratilgan bo'lib, 6000 ga yaqin odam unga a'zo, "Facebook"dagi sahifasi salkam ikki million layk olgan.
Facebook Forum