Breaking News

G'arbiy afrikaliklarga haj qilish ruxsati berilmadi


Dunyo bo'ylab millionlab musulmonlar Makkada haj mavsumini boshlar ekan, g'arbiy afrikaliklarning bir qismi bu yil ushbu ibodatni amalga oshirish imkoniga ega bo'lmaydi.

Riyod Gvineya, Liberiya va Syerra-Leonedan hajga borishni istab murojaat qilgan yetti ming musulmonga viza bermagan. Ushbu davlatlarda Ebola epidemiyasining tarqalgani Saudiya Arabistonining shunday qaror qabul qilishiga sabab bo'ldi.

Ushbu uch davlatga yaqin orada tashrif buyurgan xorijiy fuqarolarga ham bu yil haj qilishga ruxsat berilmaydi. Taqiqqa tortilgan bu uch mamlakatda 13 milliondan ortiq musulmon borligi aytiladi.

Ziyoratchilar orasida Ebola virusidan xavotir olayotganlar ko'p. Masalan, malayziyalik Elias Ismoil Makkada yuziga himoya niqobi taqib yurganini aytadi.

Saudiya Arabistoni hukumati ilgari ham Ebolaga qarshi ehtiyot choralarini ko'rgan. Masalan, 2012-yilgi epidemiya paytida Kongo Demokratik Respublikasi fuqarolariga haj qilish ruxsati berilmagan edi.

Riyod har yili ziyoratchilarning sog'lom bo'lishiga jiddiy e'tibor qaratadi. Viza olish uchun nomzodlar kasalliklarga qarshi barcha vaksinalar bilan emlangan bo'lishi kerak.

Haligacha xavf manbai hisoblanuvchi "MERS" virusiga qarshi ham ehtiyot choralari kuchaytirilgan. Immunitet tizimi zaif fuqarolar, jumladan, keksalar va yosh bolalarga, agar sog'liqlari mustahkam ekaniga ishonchlari komil bo'lmasa, hajga bormaslik tavsiya qilinadi.

Haj mavsumi keyingi hafta boshida nihoyasiga yetadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG