Breaking News

Yaqin Sharq bir kun ichida. 6-noyabr, 2011-yil tafsilotlari


Yaqin Sharq bir kun ichida. 6-noyabr, 2011-yil tafsilotlari
Yaqin Sharq bir kun ichida. 6-noyabr, 2011-yil tafsilotlari

SAUDIYA ARABISTONI

Bugun dunyo musulmonlari qurbon hayiti bayramini nishonlar ekan, Saudiya Arabistonida haj amali avjida. 2,5 milliondan ziyod musulmon islom dinining besh farzidan birini ado etmoqda. Ulardan 1,8 millioni 183 davlatdan borgan ziyoratchilar, qolgani saudiyaliklar. Saudiya Arabistonida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Rossiya poytaxti Moskvada 170 ming musulmon qurbon hayitini nishonlagan, 70 minggi hayit namoziga chiqqan.

IROQ

Bugun Iroqda xurujlar. Poytaxt Bag'doddagi gavjum bozorda uch bomba portlagan. Kamida olti kishi o'lgan, 20 dan ziyodi jarohat olgan. Portlashlar natijasida yaqin atrofni alanga olgan. AQSh qo'shinlari Iroqni yil oxirigacha tark etishi kutilar ekan, so'nggi payta zo'ravonliklar kuchaygan.

FALASTIN

Kecha Isroil G'azo Sektorini havodan nishonga olgan. Isroil Mudofaa vazirligiga ko'ra, Islomiy Jihod guruhi unga qarshi raketa hujumini rejalayotgan bo'lgan. Isroil hujumida guruhning bir a'zosi o'lgan, uch falastinlik yaralangan.

O'tgan hafta Islomiy Jihod qo'shni mamlakatga 20 ga yaqin raketa otib, bir yahudiyni o'ldirgan. Javob hujumida G'azoda to'qqiz jangari yo'q qilingan.

SURIYA

Kecha Suriyaning Hims shahrida xavfsizlik kuchlari og'ir artilleriyani ishga solib, hukumatga qarshi namoyish qilayotgan odamlarni o'qqa tutgan. Kamida 10 kishining o'lgani ma'lum. Prezident Bashar al-Assad Arab Ligasining zo'ravonliklarni bas qilish taklifini qabul qilganiga qaramay so'nggi to'rt kun ommaga qarshi zulm to'xtamagan.

Liga rahbari Nabil al-Arabiy bundan tashvishda ekanini bildirib, Suriya hukumatini tinchlik rejasi shartlariga amal qilishga chaqirgan. Aks holda Suriya va mintaqa beqarorlikka yuz tutadi, deydi Arab Ligasi bosh kotibi.

Hukumat qurbon-hayit munosabati amnistiya e'lon qilib, 553 namoyishchini hibsdan chiqarishini bildirgan. Hukumat, shuningdek, qo'lida qurol ushlagan, ammo jinoyat sodir etmaganlar o'zini politsiyaga topshirsa avf etishini bildirgan.

Biroq AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Viktoriya Nulend suriyaliklarni hukumatning bu taklifini qabul qilmaslikka chaqirgan. Rasmiy Damashq AQSh rasmiysining bayonotini mas'uliyatsizlik deb, uni mamlakatda tinch aholiga qarshi zo'ravonlik qilgan kuchlarni qo'llab-quvvatlayotganlikda ayblagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG