Isroil va Falastin bir-biri bilan tinimsiz olishayotgani siyosatni o’zgartirish kerakligidan darak, deydi Kerri Vashingtonda ko’zga ko’ringan strateglar bilan muloqot qilar ekan.
“Vaziyat chidab bo’lmas darajaga yetgan va ertangi kun haqida hech kim biror narsa deya olmaydi. Tomonlar orasida ishonch yo’q”, - deydi u.
Isroilda parlament tarqatib yuborilgan, yangi saylovlar uchun kampaniya avjida. Obama ma’muriyati Isroil va Falastin rahbarlarini murosa shartlar ustida qattiq o’ylanishga va konkret takliflar bilan chiqishga undamoqda.
“Isroilda kelasi oylarda saylovlar ekan, fuqarolar kimga ovoz berayotgani haqida chuqurroq o’ylanadi degan umiddamiz. Yangi hukumat bilan ishlashga shaymiz, unda kim bo’lishi va qachon tuzilishidan qat’i nazar. Biz bu jarayonga aslo aralashmaymiz. Qarorni Isroil fuqarolari qiladi, ovozni ham ular beradi, chunki bu hukumat bilan yashaydigan ular”, - deydi Kerri.
Bosh vazirlikka qayta saylanishga umid qilayotgan Benyamin Netanyaxu deydiki, hamma ayb Falastinning o’zida, arablar tinchlikni emas, HAMASni ma’qul ko’rmoqda.
“Isroil jiddiy sinovlar bilan yuzma-yuz ekan, kim uni to’g’ri yolga yetaklaydi? Xavfsizligimiz qil ustida, iqtisodiyotimizni yaxshilash kerak, mintaqa esa notinch. Katta va tajribali partiyaga ovoz bering”, - deydi Isroil Bosh vaziri.
Muxolifatdagi Ishchilar partiyasi lideri Isak Xertsog fikricha, Falastin mustaqil davlatga aylana oladi.
“Bunga erishib bo’lmaydi deganlar shoshmoqda. Hozirgi ahvol fojia. Umidni bor bermaslik kerak. Ishoning menga, mojaroni hal etishning yo’li bor. Falastin ahli bilan murosa qila olamiz, tinchlikka erisha olamiz va yonma-yon yashay olamiz”, - deydi u.
“Islomiy davlat” terror tizimi har bir davlatning dushmani ekan, unga qarshi yakdillik mintaqada ijobiy o’zgarishlarga yetaklaydi, deydi Kerri. AQSh Davlat kotibi bu tizimni “Daish” deb ataydi, arabcha nomi.
“Daishni yo’q qilish kerak. Unga qarshi mintaqaviy birdamlik arab dunyosini Isroil bilan, yahudiy davlatni esa qo’shnilari bilan yaqindan ishlashga majbur qilmoqda. To’g’ri, Isroil kuchli davlat bo’lib qolishi kerak, lekin u bunga tinchliksiz erisha olmaydi”, - deydi rasmiy.
Suriyadagi urushda Eron muhim rol o’ynamoqda. Buning ustiga Tehron Livanda Hizbullohni quvvatlab keladi. Isroil g’azabga to’la, deya sharhlaydi ekspert Nora Binsohil.
“Eron uchun Livan va Suriya alohida muammolar emas. Isroil buni yaxshi tushunadi. Hizbulloh Suriyada faol ekan, Tehron moylayotgan kuchlarning mintaqadagi roli yanada kuchaygan. Isroil nazarida bu ishlarning hammasi uning xavfsizligiga ulkan tahdid solib, tinchligini buzishi mumkin”, - deydi u.
Jon Kerri esa Isroil-Falastin mojarosiga bahram berilishi ko’p narsani o’zgartiradi deydi. Falastin iqtisodiyotini rivojlantirish kerak, bu jamiyatga yordam berib, Isroil bilan murosa qilishga ko’ndirishning o’zi tarixiy yutuq bo’ladi, deydi Davlat kotibi.