AQShda Kongressga o’tgan oraliq saylov natijalari turli mamlakatlarda turlicha baholanmoqda. Vakillar palatasida ko’pchilik maqomini sakkiz yil o’tib qayta qo’lga olgan demokratlar keyingi saylovlargacha Prezident Trampning tashqi siyosatiga qanday ta’sir qilishi mumkin?
Demokratlar Vakillar palatasidagi g’alabasini Amerika uchun yangi kun deb atamoqda. Amerika tashqi siyosati uchunchi? Tahlilchi Piter Trubovits bu sohada ulkan o’zgarishlar bo’lishiga ishonmaydi.
“Tashqi siyosatda Donald Tramp ichki siyosatdan farqli o’laroq ko’proq erkinlik harakati va ixtiyoriy vakolatga ega. Aksincha hozir uning Xitoy, Eron va Meksika bilan chegara bo’yicha siyosati yanada jadallashadi”, - deydi Londondagi Iqtisodiyot maktabi professori.
Trubovitsning aytishicha, demokratlar aslida Trampga Xitoy siyosatini amalga oshirishda yordam berishi mumkin. Vashington Xitoyni savdoda g’irromlikda ayblab, bu mamlakat importiga 250 milliard dollarlik tariflar joriy etgan. Pekin AQShdagi saylov natijalariga munosabat bildirganicha yo’q hali.
Yevropa ham AQSh tariflaridan xavotirda, ayniqsa avtomobillari importiga nisbatan. Germaniya Tashqi ishlar vaziri Xayko Maas saylov natijalari ikki mamlakat aloqalariga ta’sir qilmasligini aytadi.
“AQShning “Amerika birinchi” siyosatiga javoban shiorimiz “Birlashgan Yevropa” bo’lishi kerak”, - deydi u.
Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov ham AQSh bilan munosabatlar o’zgarmasligini aytadi. Aloqalarni bundan ortiq yomon qilib bo’lmaydi, dedi u.
Tahlilchilar AQShning Yaqin Sharq siyosatida ham sezilarli o’zgarish bo’lmasligini ta’kidlaydi.
“Saudiya Arabistoniga qurol sotish va Yaqin Sharq masalasida siyosatni o’zgartirishga chaqiriqlar bo’lishi, masalan, Yamanda urushni tugatishga da’vatlar yangrab turishi mumkin”, - deydi Bayrutdagi Amerika strategik izlanishlar markazi direktori Kamol Vazni.
Isroil Prezident Trampdan Yaqin Sharq tinchlik rejasini amalga oshirishni so’ramoqda. Falastin rasmiylari esa elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko’chirgan Qo’shma Shtatlarni siyosatini o’zgartirishga chaqirmoqda.
“Demokratlar tinchlik jarayoniga yetaklovchi holatga yaqinlashmoqda”, - deydi Falastin prezidenti maslahatchisi Nabil Shaat.
Kongress Vakillar palatasiga bu gal ko’proq ayollarning, jumladan ikki musulmon nomzodning saylangani xorijda olqishlanmoqda.
Bo’lajak kongressmen ayol Rashida Tolib falastinlik muhojirlar oilasida tug’ilgan.
Uning Falastinda yashovchi amakisi Bassam Tolibning aytishicha, mintaqa ahli jiyanining g’alabasi bilan faxrlanmoqda.
Yangi yildan boshlab AQSh tashqi siyosati qanday bo’lishi ko’plarni qiziqtirmoqda, deydi professor Trubovits.
“Tehron, Pekin va Yevropadagi ayrim mamlakatlar uchun siyosat umuman o’zgarmasligi mumkin. Shunda yana ikki yil kutishga, ya’ni Donald Trampning ketishiga umid qilishga to’g’ri keladi”, - deydi u.
Biroq AQSh tashqi siyosatida beqarorlik kuchayar ekan, kelajak hozirgidan mavhumroq bo’lishi mumkin.
Facebook Forum