2018 fazoviy kashfiyotlar yili bo’ldi. NASA Fazoviy tadqiqotlar agentligi Marsga yana bir apparat yubordi. Xitoy Oyga lunoxod qo’ndirdi. Xalqaro fazo stansiyasi 20 yoshini nishonladi. “SpaceX” kompaniyasi ketma-ket raketalar uchirmoqda. Olis asteroidda suv topildi.
2018-yilda insoniyat yulduzlar tomon katta qadam tashladi. Milliarder tadbirkor, “Tesla” kompaniyasi rahbari Ilon Maskning “SpaceX” kompaniyasi tijoriy parvozlar soni bo’yicha rekord o’rnatdi.
“Falcon 9” raketasi Xalqaro fazo stansiyasiga yuk yetkazib berdi. Bir necha yil ichida insonni Marsga olib chiqish ham rejalangan.
Kosmik parvozlar arzonroq bo’lishi uchun “SpaceX” qayta ishlatsa bo’ladigan raketalar ishlab chiqarmoqda.
Fazoga sayohat arzon bo’lmaydi - 200 ming dollar. Sinovlar davom etyapti, raketalar hali tayyor emas.
2018-yilda Xalqaro fazo stansiyasi 20 yilligini nishonladi. Ushbu kosmik laboratoriyani AQSh, Kanada, Yaponiya, Rossiya va Yevropa Ittifoqi birgarlikda yuritadi.
Shumxabarlarga kelsak, stansiyaning turli joylaridan namuna qilib olingan yuzlab bakteriyalarning beshtasi antibiotiklarga chidamli bo’lib chiqdi. Bu viruslar astronavtlarga yuqishi mumkin degan xavotir bor.
Xitoy esa yangi yilni Oyning qorong’i tarafiga raketa uchirish bilan nishonladi. Missiya muvaffaqiyatli kechgani aytiladi. Lunoxod Oydan Yerga suratlar jo’nata boshlagan.
Oyga qo’ngan vositaning kameralari bor, eksperimentlar o’tkazilmoqda. Xitoy olimlari u yerga yuborilgan paxta urug’i o’sib chiqqanini ko’rsatuvchi suratlarni e’lon qildi.
NASAning Osiris-Reks apparati Bennu nomli bahaybat asteroid oldidan uchib o’tdi. Asteroidga yetib borish uchun ikki yil vaqt ketgan. Unda suvning kimyoviy izlari borligi olimlarni hayratda qoldirdi. Bundan tashqari, bu asteroidning taxminan 150 yildan so’ng Yer bilan to’qnashishi ehtimoli o’rganilmoqda. Buning ehtimoli 2700 dan birga teng, ya’ni sayyoramizga urilishi mumkin bo’lgan jismlar ro’yxatida ikkinchi o’rinda.
1977-yilda NASA samoga Voyajer nomli ikki apparat uchirgan edi. Ulardan biri yulduzlararo fazoga kirgan, ya’ni endi u quyoshning doimiy magnit maydonidan tashqarida. Voyajer hozir Yerdan 11 milliard kilometr uzoqlikda. Undan bizga ma’lumot yetib kelishi uchun 16,5 soat vaqt kerak.
Olimlar Voyajer-2 yana to’qqiz yil xizmat qilishiga umid qilmoqda.
Noyabr oxirida AQSh Fazo agentligining navbatdagi apparati qizil sayyoraga qo’ndi. “InSight” nomli robot 460 million kilometr masofani bosib o’tib, olti oy deganda Marsga yetib borgan. Seysmometr bilan jihozlangan apparat bir joyda o’rnashib olib, ikki yil davomida sayyoradagi zilzilalarni va burg’ilash orqali uning ichki tuzilishini o’rganadi.
Facebook Forum