Yaqinda 136 mamlakat yirik kompaniyalarga kamida 15 fozlik soliq solish va soliq to’lashdan qochishni qiyinlashtirish mexanizmiga kelishib oldi. Biroq kelishuvni amalga oshirish oson bo’lmaydi, deydi mutaxassislar.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti yetakchiligida to’rt yil davom etgan muzokaralardan so’ng 136 davlat oy boshida keng qamrovli xalqaro soliq qoidalariga kelishib oldi.
Birinchidan, yillik daromadi 870 million dollardan ko’p bo’lgan kompaniyalar uchun kamida 15 foizlik global korporativ soliq stavkasi belgilanadi. Ikkinchidan esa, yirik xalqaro kompaniyalar soliqni qarorgohi joylashgan mamlakatda emas, faoliyati yuritilayotgan davlatda to’laydi.
Bayden ma’muriyati kelishuvni olqishlamoqda.
“Xalqaro bitim butun dunyo korporatsiyalar taraqqiyot uchun ko’proq harakat qilishi kerakligida hamfikr ekaniga dalil”, - deydi Oq uy matbuot kotibasi Jen Psaki.
Kelishuv tarafdorlariga ko’ra, bitim korporativ soliq stavkalarini kamaytirib, kompaniyalarni daromadini kam soliq soluvchi hududlarga ko’chirishga doir ko’p yillik amaliyotga chek qo’ydi. Bunday amaliyot mamlakatlarni global epidemiyalar va yangi infratuzilmani qurish uchun zarur mablag’dan ayirib keldi. Kelishuv ijrosi hanuz muhokamada.
“Shartnoma ijrosi qanchalik muvaffaqiyatli bo’lishini, soliqdan tushayotgan daromad hajmiga va korporativ daromadlarning ko’chirilishiga qanday ta’sir qilishini vaqt ko’rsatadi”, - deydi “Amerika tadbirkorlik instituti”dan Kayl Pomerlo.
Kelishuv 2023-yildan boshlab amalga oshirilishi mumkin. Bitimni imzolagan Xitoy va Irlandiya kabi ayrim mamlakatlar amaldagi soliq imtiyozlarini saqlab qolish tarafdori.
“Ko’p davlatlar, xususan rivojlanayotgan mamlakatlar shartnomaning hozirgi ko’rinishiga kelishilganidan so’ng muzokaralarni davom ettirish tarafdori. 2023-yilda mavzuga yana qaytamiz”, - deydi “Soliq jamg’armasi” tashkilotidan Daniel Ban.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti hisobiga ko’ra, minimal soliq stavkasi yiliga 150 milliard dollar daromad olishga yordam beradi. Biroq, deydi “Oksfam” kabi qashshoqlikka qarshi kurashuvchi tashkilotlar, bitim ayrim holatlarni hisobga olmagan, “Amazon” kabi yirik transmilliy kompaniyalar ko’plab istisnolardan foydalanishda davom etadi.
“Uzoq muddatda global minimal soliq stavkasi soliq panohlarini suiiste’mol qilish holatlarining kamayishiga olib keladi va bundan barcha mamlakatlar foyda ko’radi. Biroq qisqa muddatda soliqlardan daromadlarni deyarli barcha boy davlatlar oladi”, - deydi tashkilot vakili Didye Jeykobs.
AQSh kelishuv ijrosini nazorat etishga kirishishidan oldin uni Kongress tasdiqlashi kerak bo’ladi. Respublikachilar bunga doir qonun loyihasiga veto qo’yishini bildirmoqda.
Facebook Forum