Breaking News

AQShdagi muhojirlar orasida Suriyaga otlanayotganlar bor


Amerika fuqarosi Duglas Makarturning “Islomiy davlat” jangarilari safida kurashib halok bo’lgani AQShdagi muhojir musulmonlar orasida radikallashish hollari kuchayayotgani haqidagi xavotirlarni oshirdi. Minnesota shtatidagi somalilik muhojirlar jamiyati vakillaridan biri ham Suriyaga jihod uchun ketib jangda o’lgani haqida xabarlar paydo bo’ldi.

Minnesotalik jangarilar, Behzod Muhammadiy
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:25 0:00
Yuklab oling

Gos Ali ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Suriyada jang qilayotgani tasvirlangan odamning bundan 10 yillar oldin tanishgan do’sti Abdirahmon Muhumed ekaniga ishongisi kelmaydi.

“O’rtoqlarimdan biri, qara, Abdirahmon Suriyada jang qilyapti, deb qoldi. Nima, dedim ishonmay. U Efiopiyaga bormoqchi edi-ku. Yangilikni eshitib, shokka tushdim. Hamma hayron qoldi”, - deydi u.

Alining aytishicha, to’qqizta farzandning otasi bo’lgan Abdirahmon oilasini tashlab okeanortiga ketgan. “Facebook”da paydo bo’lgan suratlarga ko’ra, u Suriyada jihodga qo’shilgan bo’lib, boshqalarni ham shu ishga da’vat etgan.

Iyun oyida Muhumed haqida tadqiqot olib borgan Minnesota davlat radiosi uning “Islomiy davlat” guruhi safida jang qilayotganini tasdiqladi.

Ali uning bir paytlar yaqin do’sti bo’lganiga ishongisi kelmaydi.

“Biz doim birga yurardik. Ba’zan birga to’p tepardik”, - deydi u.

Minnesotada istiqomat qiluvchi yana bir somalilik muhojir Abdi Mohamud Nur ham Suriyada jang qilayotgani aytiladi. Uning singlisi Ifraning “Amerika ovozi”ga aytishicha, Nur unga shu yil boshida jihodga qo’shilmoqchi ekani haqida maktub yozgan.

Muhumed va Nur kabi jihod qilish uchun Suriyaga otlangan asli somalilik amerikaliklar soni bir nechta ekani ma’lum. Hozirda Federal Qidiruv Byurosi (FQB) ular haqida surishtiruv olib bormoqda.

“Bu bizni tashvishga soladigan holat. Masalaga jiddiy e’tibor beryapmiz”, - deydi byuro agenti Vilson.

Vilsonning aytishicha, jangarilarni yollashda internet asosiy vosita vazifasini bajarmoqda.

“Internet radikallashish jarayonini vaqt o’tishi bilan ancha o’zgartirdi. Odamlarning mustaqil radikallashuvi uchun imkoniyat yaratdi. Internetda hozir material ko’p”, - deydi Federal Qidiruv Byurosi xodimi.

Ali kabi Somali jamiyati vakillari bu fikrga qo’shiladi.

“Minnesota yoki AQShda ular odam yollash bilan shug’ullanishmayapti, balki YouTube orqali tarafdor yig’ishyapti”, - deydi Ali.

Federal Qidiruv Byurosining ogohlantirishicha, xorijdagi urush zonalariga borib, jangari guruhlarga qo’shilish jinoyat va oxiri o’lim bilan tugashi mumkin.

“Bu sayohat emas, ko’ngilochar yoki yaxshi bir ish ham emas. Do’stlarim bilan biroz ko’ngil yozib, keyin charchaganimda ortimga qaytaman, deb o‘ylayotgan bo’lsang, adashasan”, - deydi Vilson.

AQSh rasmiylari Muhumedning o’limini rasman tasdiqlamadi. Ammo mahalliy telekanalning xabar berishicha, uning oilasiga Muhumedning halok bo’lgani haqida xabar berilgan.

Gos Ali uning o’lganiga hanuz ishonmaydi.

“Bunga aslida dalil yo’q. AQSh Davlat departamentidan yoki boshqa biror rasmiy kelib suratlar yoki DNA natijalarini ko’rsatgani yo’q”, - deydi u.

Ungacha kutishda davom etamiz; yaqin orada yana uning videoda jonli tasviri chiqib qolsa ajab emas, deydi Ali.

Minnesota shtatidan chiqqan jihodchilar - US/Jihadists
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:03:36 0:00

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG