Breaking News

Mirziyoyev Qozog'istonda suv resurslari va iqtisodiy masalalarga e'tibor qaratdi


O'zbekiston Prezienti Shavkat Mirziyoyev (chapda) Qozog'iston rahbari Nursulton Nazarboyev bilan, Ostona, 23-mart, 2017-yil.
O'zbekiston Prezienti Shavkat Mirziyoyev (chapda) Qozog'iston rahbari Nursulton Nazarboyev bilan, Ostona, 23-mart, 2017-yil.

O`zbekiston va Qozog`iston prezidentlari Ostonada suvdan foydalanish hamda mintaqada qurilayotgan GESlar masalasini muhokama qilishgan; suv mintaqaning umumiy boyligi ekanligini qayd etishgan. Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyevning Ostonada o`tgan muzokaralari davomida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bir nechta hujjatlar imzolangan. Tomonlar o`rtasida qiymati bir milliard dollarga yaqin shartnomalar tuzilishi kutilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev bu tashrifning tarixiy ahamiyatga ega ekanini, muzokaralar hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi, keng imkoniyatlar yaratishini aytgan.

“Ikki o`rtadagi hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda. Bugungi biznes forumda 200 dan ko`proq o`zbekistonlik tadbirkorlar ishtirok etadi. Milliard dollar qiymatidagi shartnomlar kutilmoqda. Biz Qozog`istonni eng yaqin, ishonchli qo`shni sifatida ko`ramiz. Ikki o`rtadagi hamkorlik hali hozirgi muzokaralardagi kabi keng darajada bo`lmagan edi. Shuning uchun ham men bugungi tashrifni tarixiy deb bilaman”, - dedi O'zbekiston rahbari.

Nursulton Nazarboyev Mirziyoyevni prezidentlikka saylangani bilan tabriklagan, yangi rahbariyat o`zaro iqtisodiy aloqalardagi mavjud to`siqlarni bartaraf etish yo`lidan borayotgani, savdo aloqalari 30 foizga oshganini ta`kidlagan.

“Bugungi biznes forumda ikki tomondan 500 ga yaqin tadbirkorlar ishtirok etayotgani hamkorligimizda hali kuzatilmagan hodisa. Bu aloqlarga men va rahmatli prezident Islom Karimov tomonidan asos solingan edi. Biz shu an`anani yaqin qo`shni, hamkor davlatlar sifatida davom ettiramiz”, - degan u.

Mirziyoyev Qozog`istonning BMT Xavfsizlik kengashiga vaqtinchalik a`zo sifatida saylanishi mintaqa xavfsizligi, xususan, Afg`onistonda barqarorlik o`rnatilishiga doir tashabbuslarda muhim ahamiyat kasb etishiga diqqat qaratgan.

“Men ishonaman, Qozog`iston Xavfsizlik kengashiga a`zoligi davomida Afg`oniston bo`yicha tashabbuslar qiladi. O`zbekiston bu tashabbuslarni har tomonlama qo`llab-quvvatlaydi, chunki Afg`oniston barqarorligi O`zbekiston va Qozog`iston uchun ham juda muhim”, - degan Mirziyoyev.

Tomonlar muzokarasida mintaqa suvidan foydalanish masalasi ham muhokama qilingan, Orolni qutqarish xalqaro jamg`armasi doirasida hamkorlik qilish lozimligiga diqqat qaratilgan.

Nazarboyevga ko`ra, tomonlar qo`shnilarning suvdan foydalanishdagi manfaatlarini hurmat qiladi, ammo bu daryo quyisidagi davlatlar zarariga bo`lmasligi kerak.

“Biz jarayonda (suvdan foydalanishda) ishtirok etishga hozirmiz, lekin bu boshqa davlatlar zarariga bo`lmagan taqdirda”, - dedi u.

Markaziy Osiyoda suvdan foydalanish mintaqa davlatlari uchun dolzarb muammo. Daryo boshidagi Tojikiston va Qirg`iziston yirik suv to`g'onlari qurishni rejalagan, O`zbekiston va Qozog`iston bu suv tanqisligini keltirib chiqaradi, degan xavotirda.

Mirziyoyev mintaqa suvidan foydalanish masalasida BMT xalqaro konvensiyasi imzolanishi tarafdori ekanligini aytgan.

Mirziyoyev tashrifi arafasida qozoq parlamenti mintaqaviy hamkorlik tashkilotini tuzish tashbbusini ko`targan edi, muzokaralarda bu masala qanchalik muhokama qilingani noma`lum.

Qozog`istonlik ekspert Do`sim Satpayevga ko`ra, Mirziyoyevning tashrifi, avvalo, o`zaro iqtisodiy hamkorlikni nazarda tutadi.

“Tashrifning, asosan, xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlikka qaratilishi boshidan ma`lum edi. Mirziyoyev kelishidan avval delegatsiya darajasidagi safarlar kuzatildi, muhokamalar o`tdi. Mintaqadagi ziddiyatlar esa anchadan buyon mavjud, davlatlar til topishib, ular tezda yechim topiladi deyish qiyin. Buning uchun ma`lum vaqt kerak”, - deydi u.

Tashrif davomida prezidentlar ikki o`rtadagi strategik shekirlik shartnomasini chuqurlashtirish, qo`shnichilik aloqalarini mustahkamlash bo`yicha deklaratsiya imzolagan. Mirziyoyev Nazarboyevni rasmiy tashrif bilan O`zbekistonga taklif qilgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG