Breaking News

O'zbekiston Turkmaniston bilan strategik sherik


Ashgabat, Turkmaniston
Ashgabat, Turkmaniston

O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston rahbari Qurbonguli Berdimuhammedov Ashgabatda strategik sheriklik haqida bitim imzodi. Mirziyoyevning ilk xorijiy safari Turkmaniston bilan boshlangani ikki mamlakat o'rtasidagi aloqalarda tarixiy burilish yasashiga diqqat qaratilmoqda.

Safar davomida iqtisodiy hamkorlikka oid bir necha hujjatlarga imzo chekildi. Mirziyoyevning tashrifi 7-mart kuni yakunlanadi.

Bu safar Turkmanistondagi o'zbeklar hayotida qanday o'zgarishlar qilishi hozircha mavhum. Mamlakatda o'zbek tilidagi maktablar ham, milliy madaniy markazlar ham yo'q. Qo'shnilar o'rtasida vizali tartib amal qiladi. Joriy tashrif vaziyatda o'nglanish qilishiga umid uyg'otmoqda.

Ashgabatda prezidentlarning yuzma-yuz muzokarasidan so'ng qo'shma bayonot qabul qilingan. Afg'oniston muammosini hal etishda, mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlashda tomonlarning pozitsiyasi birligi ta'kidlangan.

O'zbekiston-Turkmaniston o'rtasidagi iqtisodiy hamkorlik, temir yo'l qatnovi, madaniy-ma'rifiy sohalardagi hamkorlikka doir hujjatlar imzolangan. Shuningdek, chegaraviy hududlar o'rtasida iqtisodiy, savdo va madaniy aloqalarni rivojlantirishga doir kelishuvlarga erishilgan.

Mirziyoyevning avval kutilganidek Rossiya yoki Qozog'istonga emas, Turkmanistonga borgani turli mulohazalar uyg'otdi. Siyosiy muhojirlikdagi turkman yozuvchisi Ak Velsapar safar uchun qo'shni davlat tanlanganini iliq baholaydi.

"Mirziyoyev uzoqdagi hamkorlarga borishidan avval o'zining prezident sifatidagi birinchi safarini mintaqadagi yaqin qo'shnidan boshlagani juda yaxshi. O'zbeklar va turkmanlar qadimdan yonma-yon yashab kelayotgan qardosh xalq. Tashrif davomida strategik sheriklik bitimining imzolanishi ham quvonchli xabar, ikki davlatning umumiy maqsad sari hamkorlik qilishi, o'zaro ko'makda bo'lishi ma'qul. Turkmanistonning betaraflik maqomi inobatga olinsa, bu ko'proq iqtisodiy loyihalarni nazarda tutsa kerak", - deydi yozuvchi.

O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligiga qarashli "Jahon" agentligi Mirziyoyevning Turkmanistonga tashrifi munosabati bilan e'lon qilgan maqolasida etnik masalaga ham diqqat qaratadi.

Ta'kidlanishicha, O'zbekistonda 190 mingga yaqin etnik turkmanlar yashaydi, 47 ta turkman tilidagi maktablar bor. Bu ko'rsatkich o'zaro qardoshlik aloqalarini rivojlantirishda muhim o'rin tutishi yozilgan.

Ammo maqolada Turkmanistondagi o'zbeklar haqida, ularning milliy huquqlari qanchalik ta'minlanayotgani yuzasidan ma'lumot berilmagan.

Turkmanistondagi o'zbeklar soni yuzasidan aniq ma'lumot yo'q, mustaqil manbalarda o'zbeklar mamlakatdagi ikkinchi yirik millat sifatida qayd etiladi. Ammo shunga qaramasdan Turkmanistonda o'zbek tilidagi maktablar ham, milliy madaniy markazlar ham yo'q. Hatto o'zbeklarnining milliy libosda jamoat joylariga chiqshiga ham norasmiy taqiq mavjudligi aytiladi.

Ak Velsaparga ko'ra, Turkmanistonda milliy ozchilikka nisbatan keskin munosabat marhum Saparmurod Niyozov davridan qolgan siyosat. Mirziyoyev tashrifi ortidan, jumladan, o'zbek makatablariga, milliy markazlarga qo'yilgan taqiq olib tashlanishiga umid qilish mumkin.

"Men bu muammolarning ikki yetakchi tomonidan muhokama qilinishi va ijobiy yechim topilishiga juda umid qilaman. Chunki Turkmanistonda o'zbek tiliga taqiq qo'yilishi bu turkmanlarga ham, turkman hukumatiga ham yarashmaydigan ish. Men bilaman, Niyozov davrida ham, so'nggi yillarda Berdimuhammedov davrida ham milliy ozchilik, jumladan, o'zbeklarning ham etnik huquqlari buzib kelinmoqda. Bu juda achinarli, kelajakda bu Turkmanistoning o'zi uchun ham muammo tug'dirishi mumkinā€œ, - deydi Ak Velsapar.

Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga davlat tashrifi davom etmoqda. Prezidentlar 7-mart kuni Lebap viloyatiga safar qilishi, Islom Karimov xotirasiga bunyod etilgan yodgorlikning ochilish marosimida qatnashishi kutilmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG