Breaking News

Noa Taker: Mirziyoyevdan strukturaviy islohotlarni kutmang


O’zbekistonni 27 yil boshqargan Islom Karimov vafotidan so’ng hokimiyat tinch yo’l bilan Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevga o’tdi. Hali saylanmasidan yangi rahbar islohotlarni amalga oshirishga kirishdi.

Mirziyoyev Karimov ishini davom ettirishga va’da bergan holda marhum prezidentning siyosatini o’zgartirishga, ba’zi tamoyillaridan voz kechishga, yillar davomida to’planib qolgan muammolarni hal qilishga bel bog’ladi.

Biroq “Ozodlik” radiosining Markaziy Osiyo bo’yicha eksperti Noa Taker (Noah Tucker) o’zgarishlar yuzaki ekanini, strukturaviy islohotlar bo’lmasligini aytadi.

“Eng katta o’zgarish shundan iborat bo’ldiki, Mirziyoyev Karimov paytida hayot ilgari ta’kidlanganidek go’zal emasligini tan olib, odamlarga muammolar haqida gapirishga, shikoyat qilishga imkon berdi - bosh vazir idorasi qoshida virtual qabulxona tashkil etildi”, - deydi tahlilchi.

Unga ko’ra, qo’shni mamlakatlar bilan yillar davomida yechilmay turgan va munosabatlarga zarar keltirayotgan chegara muammolari ko’rila boshladi. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan O’zbekistonda faoliyatini jonlantirish haqida muzokaralar boshlandi, Qozog’iston, Rossiya bilan savdo oboroti oshdi. Ammo, deydi Noa Taker, siyosiy islohotlardan darak yo’q.

“Oldingiga qaraganda katta o’zgarishlar haqidagi gaplarni eshityapmiz, ammo amalda ko’p ish qilingani yo’q. “Ozodlik” radiosi jurnalistlariga hanuz akkreditatsiya berilmagan, muxbirlik punktimiz yo’q, hamkorlarimiz faoliyati uchun hibsga olinishi yoki ta’qib etilishi mumkin, uyushish erkinligini ko’rmayapmiz. “Ozodlik” radiosiga intervyu bergan o’zbekistonliklar bosim qo’yilishidan, do’q-po’pisalardan qo’rqadi”, - deydi ekspert.

Noa Taker iqtisodiy ahvolni ham tanqid qildi.

“O’zbekiston aholisining gazga bo’lgan ehtiyoji to’liq qoplanmagan bir paytda gaz xorijga sotilmoqda. Chiroq tez-tez o’chib turadi. Bir ayol farzandiga elektrik plitada kasha pishiraman deb olti soat urindi”, - deydi Taker.

Unga ko’ra, kamchiliklar haqida gapirish bilan birga yutuqlarni ham tilga olish kerak. Karimov va uning davridagi O’zbekistonni tanqid qilishga o’rganib qolganmiz, deydi ekspert.

Noa Taker nazarida, Mirziyoyevning Rossiyaga yaqinligi sabab uni islohotchi ekanini tan olish qiyin. Shunga qaramay, deydi u, O’zbekiston rahbari o’zini Putin quchog’iga otishga shoshayotgani yo’q.

“Rossiya O’zbekistonning MDH Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga qaytishini istaydi, biroq Mirziyoyev istamaydi. Albatta, Putin Rossiyadagi minglab o’zbekistonlik migrantlardan foydalanib, Toshkentga bosim qo’yishi mumkin, ammo hozircha buni ko’rmayapmiz”, - deydi Taker.

“Ozodlik” radiosi tahlilchisining aytishicha, Milliy xavfsizlik xizmatining qudrati Mirziyoyev hokimiyatini cheklayotgan bo’lishi mumkin.

“SNBni prezidentlikdan ham kuchliroq boshqaruv markazi sifatida ko’rsa bo’ladi. Bu idora hukumatning barcha jabhalariga o’z odamlarini tayinlash qudratiga ega. Har bir amaldor haqida tonnalab material yig’ishgan. Agar birortasi SNBga qarshi ish tutsa, uning obro’sini osonlikcha to’kish mumkin. Tizim korrupsiyalashgani bois amaldorlarni korrupsiyada ayblab ishdan olish, qamatish oson. Ammo Mirziyoyev idora qudrati va ta’sirini kamaytirishga harakat qilayotgan bo’lishi mumkin”, - deydi Noa Taker.

Ekspert majburiy mehnat va bolalar mehnati haqida ham gapirarkan, paxta dalalarida bolalarni ishlatish kamayganiga ishora qiladi.

“Ammo talabalar hamon dalalalarga olib chiqilmoqda. Davlat xizmatchilari ham paxtaga chiqishga majbur. Bular orasida maktab o’qituvchilari, sog’liqni saqlash sohasi vakillari ham bor. Bir qishloqda bir ayolni tug’ruqxonaga olib borishganida akusherlarning paxtada ekani aniqlandi, natijada hamshiralar chaqaloqni dunyoga keltirishga urindi, ammo onaning ahvoli og’irlashib, homila nobud bo’ldi”, - deydi Noa Taker.

Vashingtondagi Strategik va xalqaro izlanishlar markazida ma’ruza qilgan mutaxassisning aytishicha, O’zbekiston - istiqbolli mamlakat, uning kuchi iqtidorli yoshlarida. Sovetcha fikrlaydigan avlod hayotdan ketib, mustaqillik farzandlari ulg’ayib hokimiyatga kelgach, katta o’zgarishlar ro’y beradi, deydi u.

  • 16x9 Image

    Odil Ro'zaliyev

    Odil AQShning Tafts Universitetida (Tufts University) magistrlik darajasini olgan. Ungacha O'zbekistonda Jahon tillar universitetida tahsil qolgan, Nyu-Yorkdagi Peys universitetida bir yil almashinuv dasturi bo'yicha o'qigan. 

    Odil graduated from the Uzbekistan State World Languages University. Then he was an exchange student at Pace University in New York for one year (1993-1994). He got his Master's degree from Tufts University in Massachusetts in 2004.

XS
SM
MD
LG