AQSh go'zallik konkursida tarixida ilk bor arab, musulmon qiz g'olib bo'ldi. Asli livanlik, hozirda oilasi bilan Michigan shtatining Diyeborn shahrida yashovchi Rima Foqih bu mamlakatning eng lobar va zukko ayoli deya tanlangani ko'pchilik musulmonlarni ruhlantirib yubordi.
Biroq bu kabi tanlovlarga shubha bilan qaraydiganlar ko'p, qolaversa g'olibaning kupalnikda tushgan suratlarini tanqid qilayotgan musulmonlar nazarida, Rima Foqihning hatti-harakatlari islom qadriyatlariga to'g'ri kelmaydi.
Rima shia oila farzandi. Nyu-Yorkda voyaga yetgan. Lekin Diyerbornni ona shahri deb biladi.
"Diyebornda o'zimni Livandagidek his qilaman", - deydi u.
Bu yerda AQShdagi eng katta arab jamoasi yashaydi.
Imad Hamad, Diskriminatsiyaga qarshi Amerika-Arab Qo'mitasi a'zolaridan biri deydiki:
"Amerika muhojirlar mamlakati, buyuk davlat. Bir muhojirning AQSh go'zali unvonini qo'lga kiritishi Amerika qadriyatlariga mos bir holat. Barchamiz amerikalik bo'lganimizdan faxrlanamiz".
Lekin ba'zi musulmonlar Rimaning musulmon deb chaqirilishiga qarshi. Oilasi shia bo'lgani hamda Rima konkursda kupalnik kiyib chiqqani uchun uni haqiqiy muslima deb atash qiyin, deydi ular, ayniqsa tanlovdan so'ng uning ancha ilgari olingan ba'zi shov-shuvli suratlari Internetda chiqqach.
Diyerbornda haftada bir marotaba chop etiladigan "Arab-amerikaliklar xabarlari" gazetasi noshiri Osama Siblaniy fikricha, Rima Foqih musulmonlarga namuna emas.
Lekin, deydi Siblaniy, uning yirik tanlovda g'alaba qozongani Diyeborn uchun unutilmas voqea.
"Bu go'zallik konkursi, AQSh Go'zali tanlovi. O'ziga yarasha qoida va talablari bor. Ishtirokchilarning dini yoki millati haqida hech narsa deyilmagan. Shu sabab din masalasini aralashtirmagan ma'qul", - deydi u.
Rima Foqih "Amerika Ovozi" bilan suhbatda o'z qarashlarini shunday izohladi:
"Musulmon oilasida katta bo'lganman, ammo katolik qarindoshlarim ham bor. Otam bizni liberal ruhda katta qilgan. Hayotimizni din belgilamagan. O'zimizni musulmon deb ataymiz, ammo liberal musulmon".
Imad Hamad nazarida barcha musulmonlar Rima Foqih muvaffaqiyatidan xursand bo'lishi kerak.
"Dinga qattiq amal qiladigan, cho'chqa go'shti va spirtli ichimliklar iste'mol qilmaydigan, qimor o'ynamaydigan insonlar ham Rimaning g'alabasi unga muhim rol va mas'uliyat bag'ishlaganini, arablarning, ayniqsa 11 sentabr voqealaridan so'ng zarar ko'rgan imidjini tiklash uchun yaxshi imkoniyat ekanini tan olishlari kerak",- deydi u.
Rima Foqih qayerda bormasin, vatan va qadriyatlarga urg'u bermoqda.
"Bu erkinlik va imkoniyatlar mamlakati. Amerika poydevori shunday qo'yilgan. Kim bo'lishimizdan qat'iy nazar barchamiz tengmiz. Mening otam hamisha "qayerdan kelganingni bilmaguncha kim ekaningni anglamaysan" deydi. Mening o'zim shunga bir misol", - deydi Amerika go'zali.
Rima Foqih avgust oyida Las-Vegasda o'tadigan "Jahon go'zali" ko'rik-tanloviga tayyorgarlik ko'rmoqda.