Qo'shma Shtatlar Ruminiya janubidagi Deveselu harbiy bazasida havo hujumiga qarshi mudofaa sistemasini ishga tushirdi. Marosimda NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg ishtirok etdi.
"Aegis Ashore" tizimi Rossiya e'tiroziga qaramay yoqildi. AQSh davlat kotibining yordamchisi Frenk Rouzning Buxarestdagi matbuot anjumanida aytishicha, sistema Rossiyaga qarshi qaratilmagan.
"AQSh va NATO bu haqda bir necha bor so'zlagan. Bu sistema Rossiyaning strategik salohiyatiga putur yetkazmaydi", - dedi u.
Amerika rasmiysiga ko'ra, Qo'shma Shtatlar Yevropani Eron raketa hujumidan himoya qilmoqchi.
"Eron turli masofaga ucha oladigan ballistik raketa texnologiyalarini rivojlantirishda, sinashda va xizmatga qo'yishda davom etmoqda. Iran raketalari mukammallashmoqda", - deydi Rouz.
Rossiya Davlat Dumasining mudofaa qo'mitasi raisi admiral Vladimir Komoyedovning aytishicha, AQShning Ruminiyadagi mudofaa sistemasi Rossiyaga tahdiddir.
"Eronning bunga aloqasi yo'q. 1000 foiz ishonchim komilki, sistema bizga qarshi qaratilgan", - deydi Rossiyaning Qora dengizdagi harbiy-dengiz floti sobiq qo'mondoni.