AQShning Missuri shtatidagi Seynt-Luis shahrida o'tgan hafta qurolsiz qora tanli yigit politsiya tomonidan otib o'ldirilganidan beri vnamoyishlar tinmayapti.
Yuzlab amerikaliklar shahar bo'ylab norozilik namoyishlariga chiqqan, tartib buzilib, to'polonlar avj olgan. G'azabdagi fuqarolarning aksariyati qora tanlilar va ular politsiyani irqchilik va huquqbuzarlikda ayblamoqda.
Ferguson nomli shaharcha bu voqealar markazi bo'lib qolmoqda. 21 ming aholiga ega hududda motam e'lon qilingan.
Rasmiylarning aytishicha, o'ldirilgan yigit - 18 yoshli Maykl Braun o'z mashinasi yonida politsiya bilan olishgan. Zobitlar qurol ishlatishga majbur bo'lgan, deya bildiradi ichki ishlar boshqarmasi.
Lekin guvohlarning izohicha, Braun og'aynisi bilan do'kondan chiqib kelayotgan paytda nishonga olingan.
Tartibsizliklar tufayli maktablar yopiq. Politsiya qattiq qurollangan holda hujumga shay turibdi.
Kamida 18 kishi hibsga olingan. Ikki nafari jurnalist.
Bugun prezident Barak Obama xalqqa murojaat qilib, Missuri shtatidagi voqealarni milliy fojia deb atadi. Irqchilikka ham, bunday tartibsizlikka ham jamiyatda o'rin yo'q, dedi prezident. Ayni paytda u aholini tinchlanishga chaqirdi.
Davlat rahbarining fikricha, qonun ustuvor ekan, Maykl Braunning o'limi tergov qilinishi va adolat ta'minlanishi shart.
Ferguson, asosan, qora tanlilar yashaydigan mahalla, lekin politsiya idorasida ishlaydiganlarning aksariyati oq tanlilar.