Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi bugun Oq uyda Prezident Barak Obama bilan ko'rishdi. Ikki rahbar muloqotni ertaga davom ettiradi. Tomonlar iqtisodiy aloqalarni muhokama qildi. Qo'shma Shtatlar Hindistondan bozorini xorijiy sarmoyadorlar uchun ochishni so'rab keladi.
Bu yaqinda bosh vazirlikka saylangan Modining AQShga ilk rasmiy safari. Kecha u Nyu-Yorkda hind-amerikaliklar mehmoni bo'ldi. 18 mingdan ziyod sobiq vatandosh Modini rok yulduziday qarshiladi.
Hindiston rahbari ularga murojaat qilib, hukumat ularning umidlarini puchga chiqarmasligini bildirdi. Ko'plar Modining tasviri tushirilgan futbolkalarni kiyib, uning ma'ruzasini qarsaklar bilan bo'lib turdi.
Modi may oyidagi saylovlarda hokimiyatga kelgan. Uni millatchi siyosatchi sifatida ko'rishadi. 2005-yilda Modi AQShga viza ololmagan edi. Qo'shma Shtatlar uni Gujarot shtatidagi zo'ravonliklarga aloqador deb bilgan. O'shanda mingdan ziyod mahalliy musulmon nobud bo'lgan edi.
Nyu-Yorkda unga qarshi bo'lgan bir necha yuz hind-amerikalik namoyish qildi.