Breaking News

Korrupsiya - Moldova barqarorligiga asosiy tahdid


Kishinyovda namoyish
Kishinyovda namoyish

Yevropaning eng qashshoq davlatlaridan bo’lmish Moldovadagi moliyaviy inqiroz korrupsiyaning naqadar chuqur ildiz otganini fosh qildi. Hukumatga qarshi oylar davomida kechgan namoyishlar qo’shni Ukrainadagi vaziyatni eslatadi. Rasmiy Kishinyov islohotlarni amalga oshirmas ekan, G’arb mamlakatlari unga moliyaviy yordam bermoqchi emas.

Muddatidan erta saylovlarga chaqirayotgan namoyishchilar Moldova Vazirlar mahkamasining binosi qarshisida imzo yig’moqda. Ular prezidentni to’g’ridan-to’g’ri saylashni, deputatlarni daxlsizlikdan ayirishni talab qilmoqda.

Ular nazarida hukumat korrupsiyaga botgan va qudratli oligarxlar tomonidan boshqarilmoqda. Biroq Bosh vazir Pavel Filip “Amerika Ovozi” bilan suhbatda bu da’volarni rad etdi.

“Es-hushimiz joyida. Chetdan turib bizni boshqarishlariga, davlatni o’z qo’llariga olishlariga ijozat bermaymiz”, - deydi u.

Biroq bosh vazir xalq ishonchini qayta qozonish kerakligini tushunadi.

“So’rov natijalariga ko’ra, hukumatni kam odam qo’llab-quvvatlaydi. Agar saylovlarni hozir o’tkazsak, parlamentdagi fraksiyalarning ko’pi qayta saylana olmaydi”, - deydi Pavel Filip.

Moldova banklaridan bir milliard dollar g’oyib bo’lgach, mamlakat inqirozga sho’ng’idi. Bu yalpi ichki mahsulotning nimchorak qismiga teng pul.

Islohotlar yakuniga yetkazilmagunga qadar G’arb moliyaviy yordamini davom ettirmoqchi emas.

“Mamlakatda katta burilish yasab, islohotlarni amalga oshirmasak bo’lmaydi. Busiz fuqarolar hayotini o’zgartira olmaymiz”, - deydi Moldovaning Yevropa Ittifoqidagi elchisi Pirkka Tapiola.

Faollar sentabr oyidan beri palatkalar qurib namoyish qilmoqda. Ba’zilarga bu holat ikki yil oldingi Ukrainani eslatadi, ammo tomonlar zo’ravonlikka berilgani yo’q.

Rossiyaga xayrixoh partiyalar hukumatni G’arb nog’orasiga o’ynayotganlikda ayblab, nufuzi oshib bormoqda.

“Gap ruslarda emas. Muammo mamlakat ichkarisida. Moldovada paydo bo’lgan muammo. Ammo bu bilan vaziyatdan o’z foydasiga foydalanmoqchi bo’lgan tashqi kuchlar yo’q deb bo’lmaydi. Biz Moldovaning ichki ishlariga aralashishni istamaymiz”, - deydi AQShning respublikadagi elchisi Jeyms Pettit.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG