Moldovada o’tgan prezident saylovlarining ikkinchi bosqichida muxolifatdan nomzod Maya Sandu amaldagi rahbar Igor Dodonni mag’lub etdi.
Markaziy saylov komissiyasiga ko’ra, barcha byulletenlar hisoblab bo’lingan, 48 yashar sobiq bosh vazira salkam 58 foiz ovoz to’plagan. Ikkinchi bosqichda g’alaba qozonish uchun 50 foizdan ko’p ovoz to’plash kifoya.
Maya Sandu “Harakat va birdamlik” muxolif partiyasining lideri bo’lib, 2019-yilda salkam 6 oy hukumatni boshqargan. Yangi rahbar AQShda ta’lim olgan, Jahon bankida ishlagan. U Yevropa Ittifoqi bilan aloqalarni kuchaytirish tarafdori.
“Hukumat o’g’rilar va poraxo’r amaldorlar foydasiga emas, xalq manfaatiga ishlashi kerak”, - dedi u.
Sandu saylovlarning birinchi bosqichida ham Dodondan ko’proq ovoz olgan edi. 2016-yil saylovida ham bu ikki nomzod o’zaro bellashgan.
Qo’shni Rossiya Moldova xalqi istagini qabul qilishini, yangi rahbar bilan hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi. Kreml Dodon g’alaba qozonishiga umid qilgan edi.
Facebook Forum